O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni Ostona shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yil iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig‘ilishlari, shuningdek, Turkmaniston mahsulotlari ko‘rgazmasining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari, jumladan, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Hududlararo aloqalarni kengaytirish va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini faollashtirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.