Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida mamlakatda yuz bergan kuchli zilzila tufayli Markaziy Osiyo va Mo‘g‘ulistonga safarini bekor qilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kyudo News” agentligi xabar berdi.

Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida «Markaziy Osiyo + Yaponiya» formatida sammit o‘tishi kutilayotgan edi. Muhim uchrashuvga mintaqa yetakchilari kelib bo‘lishgan. Kisida sammitda onlayn formatda qatnashadi.

Manbada aytilishicha, hozirda mamlakatda zilzila xavfi maksimal darajaga yetgan. Tahlilchilar Yaponiya janubi hamda g‘arbiy sohillari bo‘ylab yirik silkinishlar bo‘lishi mumkinligi, sunami yuzaga kelishi xavfidan ogohlantirgan.

Mamlakatga yaqinlashib kelayotgan favqulodda holat esa Bosh vazir Fumio Kisidani Markaziy Osiyoga tashrifni bekor qilishga sabab bo‘ldi. Hozir mamlakat rasmiylari safarni bekor qilish va unda muhokama qilinadigan mavzularni onlayn formatga o‘tkazish ustida ish olib borayotgani qayd etildi.

Fumio Kisida oldindan e’lon qilingan reja asosida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga 9-12 avgust kunlari davlat tashriflari amalga oshirishi kerak edi. Ushbu tashriflarda savdo-iqtisodiy hamda bir qator o‘zaro ikki tomonlama hamkorlik masalalari ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Yaponiya meteorologiya agentligi 8-avgust kuni kuchli zilzilalar yuzaga kelishi mumkinligi haqida bayonot bergan. Aholi uylarini tark etmaslikka va viloyatlar bo‘ylab safarga chiqmaslikka chaqirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni Yaponiya janubidagi Kyusyu va Sikoku orollarida ikkita 7 balli zilzila kuzatilgan edi.