Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Shveysariya hamkorlik va rivojlanish agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekiston suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda olis hududlar aholisini davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama etildi va bu boradagi navbatdagi loyihalar taqdimoti qilindi.

Shuningdek, o‘tgan yillarda davlat ijtimoiy buyurtmalari va ularni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar, ularni hal etish yo‘llari, ushbu jarayon ishtirokchilari salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq takliflar muhokama etildi.

Xususan, davlat ijtimoiy buyurtmalari asosida tashkil etiladigan ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlari xodimlari malakasini oshirish, ularning iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida o‘qitish dasturlarini tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.

E’tirof etildiki, bu boradagi o‘zaro hamkorlik mamlakatimizda suv resurslarini boshqarish sohasida yangi qadamlardan biri bo‘ladi. Muzokaralar davomida ikki tomon ham barcha imkoniyatlarni ilgari surishini bildirdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA