Oliy sud plenumining navbatdan tashqari majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ayrim fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo va tuman (shahar) hamda tumanlararo ma’muriy va iqtisodiy sudlarga ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlangan sudyalarning qasamyod qabul qilish marosimi o‘tkazildi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov sudyalar soni yangi a’zolar bilan to‘ldirilayotgani sudyalarning ish yuklamasi maqbullashuviga, o‘z navbatida, odil sudlovning samaradorligi va fuqarolarning sudga bo‘lgan ishonchi ortishiga olib kelishini qayd etdi.

Majlisda Sudyalar oliy kengashining 2024 yil 6 va 7 avgustdagi qarorlariga muvofiq sudyalik lavozimida bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga tayinlangan sudyalarning qasamyodi eshitildi.

– Qabul qilgan qasamyodingiz mazmun-mohiyatini to‘la anglab yetib, unga sodiq bo‘lishingizga, oldingizga qo‘yilayotgan yuksak talabga faoliyatingiz davomida qat’iy amal qilishingizga, bildirilgan yuksak ishonchni to‘liq oqlashingizga ishonamiz, – dedi B.Islomov. – Odil sudlovni ta’minlashda sidqidildan mehnat qilib, adolat qaror topgan, fuqarolar huquqlarining sud himoyasi kafolatlangan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda o‘z hissangizni qo‘shib, Vatanimiz va xalqimiz oldidagi farzandlik burchingizni vijdonan ado etasiz. Bilingki, qonunlar faqatgina qoidalar va moddalardan iborat emas, qonunlar – odamlar, ularning hayoti, umidlari va orzulari ifodasi hisoblanadi. Shu sababli, ishingizda va faoliyatingizda insoniylik muhimligini hech qachon unutmasligingiz lozim. Qonunlar esa qo‘lingizdagi adolat quroli bo‘lishi kerak. Prezidentimizning: «Sudyaning ongida adolat, tilida haqiqat, dilida esa poklik bo‘lmog‘i lozim», degan hikmatli so‘zlarini hech qachon esdan chiqarmang.

Tadbirda ishtirok etgan sudyalarning ota-onalari va yaqinlari ham yaxshi tilaklarni bildirdi.

Qasamyod qabul qilgan 53 nafar yangi sudyaga sudyalik guvohnomalari topshirildi.

N.Abduraimova, O‘zA