Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) va BAAning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga (“Green University”) tashrif buyurdi.
Universitet kampusida ICBA Bosh direktori Tarifa Alzaabi, ICBA Operatsion va rivojlanish bo‘limi rahbari Charbel Tarraf va BAA elchixonasining Muvaqqat ishlar vakili Muhammad Aldaxeri kutib olindi.
Mehmonlar uchun kampus bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi va “Green University”ning ilg‘or imkoniyatlari, laboratoriyalar va davom etayotgan tadqiqotlar namoyish etildi.
Tashrif davomida “Green University” va ICBA o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu muhim kelishuv qishloq xo‘jaligi ilm-fanini va barqaror amaliyotni rivojlantirish bo‘yicha mustahkam hamkorlikka asos soladi.
Qayd etilishicha, shartnoma “Green University” uchun burilish nuqtasi bo‘lib, uning qishloq xo‘jaligi va atrof-muhit fanlarida innovatsiyalarni ilgari surish maqsadiga to‘liq mos keladi.
Resurslar va tajribani ICBA imkoniyatlari bilan birlashtirish oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq global muammolarni hal qilishda sezilarli yutuqlarga erishish imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA