Gazeta va jurnallarga obuna bo‘luvchilar uchun 10 va 20 foizgacha “Cashback” qaytaradigan “Obuna” elektron platformasi ishga tushirildi.
Xo‘sh, ushbu onlayn obunaning afzal tomonlari nimada? Obunachilarga gazetalar qanday yetkazib beriladi? “Cashback”lar tahririyat hisobidan qaytariladimi?
Ushbu savollarga Raqamli texnologiyalar vazirligi Pochta aloqasi bo‘limi boshlig‘i Mirza Matyoqubov quyidagicha javob berdi:
—Yurtimizda chop etilayotgan bosma ommaviy axborot vositalarini ommalashtirish, yoshlarning gazeta va jurnallarga bo‘lgan qiziqishlarini kuchaytirish hamda mushtariylar sonini ko‘paytirish maqsadida ushbu onlayn platforma ishga tushirildi. Xabaringiz bor, ilgari bitta gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lish uchun Pochta aloqa bo‘limi yoki matbuot do‘konlariga borilardi. Obuna blankalarini to‘ldirish, kassaga pul to‘lash uchun obunachining anchagina vaqti ketardi. Odamlarning vaqtini tejash maqsadida elektron platforma tashkil etildi. Endilikda gazetxonlar uyidan chiqmasdan kompyuter yoki mobil ilova orqali kirib, obunani tashkil etishi mumkin.
Elektron obunaning qulaylik jihati shundaki, unga plastik kartochka orqali to‘lov amalga oshiriladi. Madaniy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy, adabiy-badiiy va boshqa ommabop gazeta-jurnalga obuna amalga oshirilganda, obuna summasining 10 foizi miqdorida, bolalar uchun mo‘ljallangan gazeta va jurnallarga obuna amalga oshirilsa, 20 foiz miqdorida “Cashback” qaytarilishi ko‘zda tutilgan.
Bu “Cashback” tahririyatlarga hech qanday ta’sirini ko‘rsatmaydi. Tahririyatlar o‘zining obuna summasini oladi. “Cashback” summasini byudjetdan qaytarish ko‘zda tutilmoqda. Reklama tarzida chiqadigan davriy bosma nashrlar bundan mustasno.
Ayrim mushtariylarda onlayn obunada gazetalarning elektron nusxasi yetkazib beriladimi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunday qarash mutlaqo noto‘g‘ri. Mushtariylar onlayn obuna bo‘lganidan so‘ng, gazeta va jurnallar pochta yoki yetkazib beruvchilar xizmati orqali ko‘rsatilgan manzilga bosma shaklda yetkazib beriladi. Gazetxonlar obuna platformasiga www.e-obuna.uz havolasi orqali kirib, yurtimizda nashr etiladigan gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishlari mumkin.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova tayyorladi.