Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 million nafarga yaqin 3−7 yoshli bola bor. Ularni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichni 2026 yilgacha 80 foizga, 2030 yilga borib, 100 foizga yetkazish reja qilingan.

Bugungi kunda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan 2 million nafardan ortiq bolaning 712 ming nafari (31,2 foiz) oilaviy bog‘chalarda tarbiyalanmoqda. Ammo bu maskanlarning ayrimlarida yaratilgan sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlarining davlat o‘quv dasturlari asosida tashkil etilishi, sog‘lom va xavfsiz ovqatlantirish kabi masalalar barcha bog‘chalarda ham ko‘ngildagidek emas.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida oilaviy va DXSH asosidagi bog‘chalarga beriladigan subsidiyalar, yangi o‘quv yilida 1-sinfga qabul jarayonlari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagoglarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, “Ustozlar milliy forumi”ni o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan “Vazir soati” o‘tkazildi.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish maqsadida joriy yilning avgust-dekabr oylarida Jahon banki loyihasi doirasida 4 bosqichda seminarlar tashkil etilib, xorijiy mutaxassislar tomonidan eng sara metodistlar master-trener sifatida tayyorlanadi. Bu o‘quv jarayonlari hudud va tumanlarda kaskad usulida davom ettiriladi. Natijada 7 ming nafar metodist va 78 ming nafar tarbiyachining malakasi oshiriladi.

Shuningdek, yig‘ilishda 2024-2025-o‘quv yilida 1-sinfga 719 ming nafardan ortiq o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgani, shu kunga qadar 603 ming nafardan ortiq ariza qabul qilingani va bu jarayon davom etayotgani ta’kidlandi. 1-sinfga qabul qilingan har bir o‘quvchi vazirlikning adm.maktab.uz platformasiga kiritilmoqda.

Soha vakillarining aytishicha, joriy yil 15-16-avgust kunlari “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” shiori ostida “Ustozlar milliy forumi”ning respublika bosqichi o‘tkaziladi. Unda hududlardan 400 nafar ilg‘or, tashabbuskor, yetakchi o‘qituvchi va tarbiyachi jalb etiladi. Ushbu forum tadbirlari kaskad usulida davom ettirilib, 19-20-avgust kunlari viloyat, 23-24-avgust kunlari tuman (shahar), 27-30-avgust kunlari barcha maktablarda tashkil etiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA