Joriy yilning 26 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Yangi O‘zbekistonda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlar targ‘ibotiga start berildi.
Shu munosabat bilan 1 avgustdan saylov kampaniyasining eng muhim tadbiri – saylovchilar imzosini to‘plash jarayoni boshlandi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ham barcha siyosiy partiyalar qatori ushbu saylovda munosib ishtirok etadi. Partiya xalq manfati, yurt ravnaqi uchun xizmat qiluvch g‘oya va maqsadlarini kelajakda amalga oshirish uchun imzo yig‘ish jarayonlariga kirishdi.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi hududiy partiya tashkilotlari tomonidan ham ayni jarayonga mas’uliyat bilan yondashilib, korxona, tashkilot va muassasalarda saylovning dastlabki bosqichi – imzo to‘plash tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Bunda asosan faol a’zolar, boshlang‘ich partiya tashkilotlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, “Ayollar” va “Yoshlar” qanotlari hamda partiyaning g‘oya va maqsadlariga xayrixoh bo‘lgan viloyatdoshlarning faol ishtiroki kuzatilmoqda.
Xususan, viloyatning olis hududlaridan biri bo‘lgan Jondor tumanining Kasb-hunarga o‘qitish markazi hamda tuman yoshlar bog‘ida, shuningdek, Buxoro davlat pedagogika instituti binosida tashkil etilgan imzo yig‘ish jarayonida 300 ga yaqin partiya a’zosi, mahalla vakillari va yoshlar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab imzo chekdi.
– Shu yurtning bir fuqarosi sifatida men milliy qadriyatlar, ayniqsa, til, tarbiya masalalarini ko‘tarayotgan “Milliy tiklanish” partiyasini yoqlab imzo chekdim, –deydi jondorlik tadbir ishtirokchisi Rashida Niyozova. –Imkoniyatdan foydalanib, boshqalarni ham “Milliy tiklanish”ni yoqlab, imzo chekishga chaqiraman.
–“Milliy tiklanish”ning bo‘lajak saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlab, imzo qo‘ydim va ishonamanki, bu to‘g‘ri tanlov bo‘ldi, -deydi tadbirda ishtirok etgan Muhammadjon Islomov. –Bu fikrni juda ko‘pchilik bildiryapti.
Saylovchilar imzosini to‘plash jarayonlari qizg‘in davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri