Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagogik mahorat markazida Singapurning “Marshall Cavendish Education” xalqaro ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminar-treninglarni kaskad usulida davom ettirish jarayonlariga start berildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan maktab direktorlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, maktablar o‘quv dasturini takomillashtirish hamda unga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha hamkorlik aloqalarni o‘rnatgan. Ushbu hamkorlik doirasida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshchiligida Singapur “Marshall Cavendish Education” ta’lim tashkilotining 16 nafar eksperti tomonidan joriy yilning 10-14 iyun kunlari 100 nafar maktab direktori va 60 nafar hududiy koordinator uchun Liderlik va o‘zgarishlarni boshqarish bo‘yicha trening kurslari olib borildi. Shuningdek, 8-12 iyul kunlari 200 nafar master-trener (matematika va tabiiy fanlar (Science) o‘qituvchilari) va 60 nafar koordinator (metodistlar) uchun 5 kunlik xalqaro darajadagi seminar-trening tashkil etildi.
Endilikda mazkur kurslar A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti mas’ulligida hududiy Pedagogik mahorat markazlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari hamkorligida joriy yilning avgust oyidan boshlab, kaskad usulida mamlakatimiz bo‘ylab, hududlar, shahar va tumanlar hamda maktablar darajasida davom ettiriladi.
5-9 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida Maktabgacha va maktab ta’limi tuman bo‘lim boshliqlari (1 martalik), maktab rahbarlari, matematika va tabiiy fanlar (fizika, kimyo, biologiya) o‘qituvchilarini kaskad usulida o‘qitish maqsadida seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Mazkur jarayonlarga 17 ta shahar va tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirlari, 35 nafar maktab direktori, 37 nafar matematika fani va 58 nafar tabiiy (Science) fan o‘qituvchisi qamrab olindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA.