Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda bir qator muhim normalar o‘z aksini topgan.

–Qonun loyihasida investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari belgilanmoqda. Mamlakatimizda yanada qulay investitsiya muhitini yaratish, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, amaldagi investitsiya qonunchiligining ilg‘or xalqaro standartlari, jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.

Qonun loyihasida investorlarni eng katta xavotirga soluvchi omil va xatarlar bo‘yicha yechimlar kiritilmoqda hamda ortiqcha cheklovlar bekor qilinmoqda. Jumladan, “Bozorga kirish” kafolatlari hamda investitsiya faoliyatini asossiz tekshirishlardan himoyalash kafolatlari belgilanmoqda.

Bundan tashqari, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirilmoqda. Xususan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada xorijiy investorlar ulushi bo‘yicha talab 15 foizdan 10 foizgacha tushirilmoqda.

Shuningdek, investitsiya faoliyatini himoyalashning qo‘shimcha kafolatlari kiritilmoqda. Bunda asosan milliy rejimga rioya qilish hamda xorijiy investorlarning yerdan foydalanish imkoniyati 25 yildan 49 yilgacha uzaytirilmoqda. Mahalliy va xorijiy investorlarga teng bo‘lgan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilmoqda.

Qonun loyihasidagi yana bir asosiy muhim jihatlardan biri bu investitsiyaviy nizolarni hal etish tartibi xalqaro tan olingan standartlar asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda. Ya’ni, investorlarning xalqaro arbitraj institutlariga murojaat qilishiga oid cheklovlar bekor qilinmoqda, – dedi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari N.Xolmurodov.

Muhokamalarda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida investorlarning kafolatlari va erkinliklari aniq bayon qilinib, bunday huquq va kafolatlarni qo‘llash bo‘yicha investorlarning turli talqinlari va chalkashliklariga barham beriladi.

Eng muhimi, “Yagona darcha” orqali investitsiyalarni va investorlarni rag‘batlantirish institutlari va yagona vakolatli investitsiya organi qonun bilan mustahkamlanadi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA