Seminar jinoiy daromadlarni legallashtirishga hamda terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha milliy tizimlarni baholashdan o‘tkazishning yangi bosqichi uchun malakali ekspert-baholovchilarni tayyorlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Yevroosiyo guruhi kotibiyati bilan hamkorlikda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisining texnik ko‘magida tashkil etildi.
Seminarga Yevroosiyo guruhiga a’zo davlatlar: Belarus, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston vakillari hamda ekspertlar, moliyaviy razvedka bo‘linmalari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, sohaga mas’ul boshqa vakolatli organlar vakillari qatnashmoqda.
Baholovchilarni tayyorlashga qaratilgan birinchi o‘quv kursining Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga bo‘lgan intilishini hamda FATFning xalqaro standartlarini milliy qonunchilikka tatbiq qilish yuzasidan manfaatdorligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, FATF – Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida jahon standartlarini ishlab chiqadigan hukumatlararo tashkilot.
Seminar joriy yilning 9 avgust kuniga qadar davom etadi.
N.Abduraimova, O‘zA