Yurtimizda investitsiya muhitini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Endilikda investorlarning kafolatlari, huquq va majburiyatlari, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari qonun bilan mustahkamlanmoqda. Investitsiya sohasidagi asosiy xalqaro tan olingan amaliyot va tamoyillar ham joriy qilinmoqda.

Bular “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aks etmoqda. Mazkur loyiha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, loyihada mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, amaldagi investitsiya qonunchiligining ilg‘or xalqaro standartlari, jumladan Jahon savdo tashkilotining qoidalariga moslashtirishga qaratilgan normalar aks etmoqda.

Loyiha bilan investitsiya sohasidagi asosiy xalqaro tan olingan amaliyot va tamoyillar ham joriy qilinmoqda. Xususan, “Investitsiya faoliyati” tushunchasida investorning tavakkalchilikka asoslangan, uzoq muddat davomida bo‘lishi, mahalliy iqtisodiyotga foyda (ijobiy natija) olib kelishga qaratilgani borasidagi xalqaro tan olingan “Salini” tamoyili aks ettirilyapti.

Muhokamalar davomida aytilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan investorlarning kafolatlari va erkinliklari aniq bayon qilinadi, bunday huquq va kafolatlarni qo‘llash bo‘yicha investorlarning turli talqinlari va chalkashliklariga barham beriladi.

M.Komilova, O‘zA