Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi bo‘lajak saylovda ishtirok etish uchun saylovchilar imzolarini to‘plashga kirishdi. Mazkur jarayon partiyaning 15 mingga yaqin boshlang‘ich tashkilotlarida, fuqarolarning ish, xizmat, o‘qish, yashash joyida, tashviqot yuritish va imzo to‘plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilyapti.

Qonunchilikda siyosiy partiyalar bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkinligi belgilangan.

Saylovchilar partiyaning o‘tgan yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yo‘nalishidagi amaliy ishlarini e’tirof etmoqda.

****  

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ham saylovda qatnashishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakatimizning barcha hududlarida imzo yig‘ish jarayonlarini amalga oshirmoqda. Jarayon Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kengashlari, 200 dan ortiq shahar va tuman kengashlari, 10 mingdan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotlarida tashkillashtirilmoqda. Shuningdek, partiyaning 1600 ga yaqin deputati ham faollik ko‘rsatmoqda.

Partiya faollari tomonidan Farg‘ona viloyatida imzo to‘plash jarayonlari yuqori uyushqoqlik bilan o‘tkazilayapti. Saylovchilarga O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi g‘oyalari hamda bo‘lajak siyosiy jarayonining mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi.

Imzo yig‘ish jarayonlari saylov qonunchiligiga binoan o‘tkazilyapti. Saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishi mumkin.

M.Komilova,

O‘zA