Tavallud kunim munosabati bilan chin dildan qutlab, o‘zlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘llagan xorijiy davlatlar, hukumat va parlamentlar rahbarlari, siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar yetakchilariga, yurtimizdagi mahallalar ahli va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Mening sha’nimga bildirilgan ushbu tabrik va tilaklarni eng avvalo O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga va yurtimizning yorug‘ kelajagiga bo‘lgan ishonch ifodasi sifatida qabul qilaman.

Fursatdan foydalanib, mehnatkash, bag‘rikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin yurakdan o‘zimning cheksiz farzandlik mehrim va hurmatimni bildiraman.

Ishonchim komil, el-yurtimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va hamjihatligi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha o‘z oldimizga qo‘ygan buyuk maqsadlarga albatta yetamiz.

Chuqur hurmat bilan,

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti