O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘tgan yillarda elektron auksion savdolarini tashkil etish orqali davlat va korporativ xaridlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash uchun ularni takomillashtirish choralari ko‘rildi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi bo‘yicha idoralararo tender komissiyalari, shuningdek, loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlari tashkil etildi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil shuni ko‘rsatdiki, davlat va korporativ xaridlarining hamda tender savdolarini tashkil etishning amaldagi tartibi zamonaviy talablarga javob bermaydi, turli xil korrupsiya ko‘rinishlari uchun sharoit yaratadigan ko‘plab kelishish jarayonlari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillar va sansalorlik holatlarining mavjudligi sababli juda murakkab hisoblanadi.

Xususan, idoralararo tender komissiyalari bayonnomalarini kelishish va tasdiqlashni o‘z ichiga oluvchi tender jarayonlarining ayrim hollarda olti oygacha cho‘zilishi kuzatilmoqda, bu esa loyihalar, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar amalga oshirilishining kechiktirilishiga hamda tarmoq jadvallarining buzilishiga olib kelmoqda.

Narx-navoni manipulatsiya qilish, tovarlarning sifati, tavsifi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish va elektron savdoda tuzilgan bitimlar bo‘yicha tovarlarni yetkazib bermaslik holatlari ko‘plab mavjud.

Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari tizimini tubdan takomillashtirish, ushbu sohada suiiste’molchilik holatlarining oldini olish, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5120-son Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish doirasida Resurslar yagona milliy ma’lumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portalini yaratish belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan, bitta kontrakt bo‘yicha 5 million AQSh dollaridan yuqori ekvivalentdagi investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridi yuzasidan tarmoq idoralararo tender komissiyalarini tugatish;

loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini taklif etilayotgan texnologiya va asbob-uskunalar bo‘yicha texnologiya, asbob-uskunalarni tanlash va narxlarni shakllantirish qismida ekspertizadan o‘tkazish funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlarini tugatish;

bitta kontrakt bo‘yicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkillashtiriladigan elektron savdolar orqali amalga oshirishga oid talabni bekor qilish.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2018-yil 1-yanvarga qadar tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlari quyidagi ekvivalentlarga muvofiq, ya’ni:

1 ming AQSh dollaridan kam bo‘lgan bitta kontrakt – narxi, sifati va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish muddatlari bo‘yicha eng maqbul keladigan shartlarni taklif qilgan yetkazib beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali;

1 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan bitta kontrakt – buyurtmachi tuzadigan idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali;

100 ming AQSh dollaridan yuqori miqdordagi bitta kontrakt – buyurtmachi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti, shuningdek, buyurtmachining tarmoq ilmiy-texnik kengashlarining vakillarini majburiy jalb etgan holda tuziladigan idoralararo tanlov (tender) komissiyalari tashkil etadigan tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Mazkur xaridlar bo‘yicha texnik shartlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan bo‘lishi shart.

Davlat organlari va boshqa tashkilotlar tanlov (tender) komissiyalari tarkiblari va tegishli tartib-taomillar ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

Buyurtmachilarning rahbarlari davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirish tartibiga rioya qilmaganligi, shu jumladan, xarid qilishning maqsadga muvofiqligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha qadar shaxsiy javobgar hisoblanadi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat va korporativ xaridlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:

Resurslar yagona milliy ma’lumotnomasi va Davlat xaridlari yagona axborot portali yaratilishi hamda 2018-yil 1-yanvardan ishga tushirilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini belgilangan tartibda kiritsin:

davlat (korporativ) xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning shaffof va ochiq mexanizmini, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni;

davlat (korporativ) xaridlariga tadbirkorlik subyektlari keng jalb qilinishini;

davlat (korporativ) xaridlari ishtirokchilari uchun shikoyat qilishning mustaqil va samarali tizimi hamda tartib-taomillarini yaratishni;

elektron xaridlarni yanada rivojlantirish, natijalarni tahlil qilish uchun ma’lumotlar yagona bazasini, xaridlarning zarur parametrlarini tashkil etishni.

6. Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori Sh.M.Sadikov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 23-avgust

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ 
xaridlarini amalga oshirishning zamonaviy shakl va uslublarini 
yanada joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga
SHARH


Mamlakatimizda davlat va korporativ xaridlari mexanizmini yanada takomillashtirish, tender savdolarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha izchil va kompleks ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, elektron savdolar joriy etildi, O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali yaratildi, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi bo‘yicha, shu jumladan, investitsiya loyihalari doirasida ko‘p pog‘onali idoralararo tender komissiyalari tashkil etildi.

2016-yil va joriy yilning 7 oyida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi maydonchalarida 1,7 trillion so‘mdan ortiq summada 95 mingdan ortiq bitimlar tuzildi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil ko‘rsatdiki, davlat va korporativ xaridlarining hamda tender savdolarini tashkil etishning amaldagi tartibi zamonaviy talablarga javob bermaydi, turli xil korrupsiya ko‘rinishlari uchun sharoit yaratadigan ko‘plab kelishish bosqichlari, bir-birini takrorlaydigan tartib-taomillar va sansalorlik holatlari mavjud. Bundan tashqari, tender jarayonlarining cho‘zilishi, narx-navoni manipulatsiya qilish, tovarlarning sifati, tavsifi haqidagi ma’lumotlarni buzib ko‘rsatish va elektron savdoda tuzilgan bitimlar bo‘yicha tovarlarni yetkazib bermaslik holatlari ko‘plab kuzatilmoqda.

Byudjet tashkilotlari tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridining amaldagi me’yorlari va tartibi tovar-moddiy boyliklar, shu jumladan, ularning eng zarurlari (kanselyariya buyumlari, komputer texnikasi va avtotransportni ta’mirlash) bilan normal va barqaror ta’minlashda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

Oxir-oqibatda bu loyihalar, shu jumladan, xorijiy va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari amalga oshirilishining kechiktirilishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan qarori:

iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan, bitta kontrakt bo‘yicha 5 million AQSh dollaridan yuqori ekvivalentdagi investitsiya loyihalari doirasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning xaridi yuzasidan tarmoq idoralararo tender komissiyalarini tugatishni;

loyiha tashkilotlari tomonidan tayyorlangan tender va loyihaoldi hujjatlarini taklif etilayotgan texnologiya va asbob-uskunalar bo‘yicha texnologiya, asbob-uskunalarni tanlash va narxlarni shakllantirish qismida ekspertizadan o‘tkazish funksiyasini bajaradigan ixtisoslashgan tarmoq ekspert kengashlarini tugatishni;

bitta kontrakt bo‘yicha 300 AQSh dollaridan 100 ming AQSh dollarigacha ekvivalentdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning davlat va korporativ xaridlarini O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan tashkillashtiriladigan elektron savdolar orqali amalga oshirishga oid talabni bekor qilishni nazarda tutadi.

Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yangidan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga resurslar yagona milliy ma’lumotnomasi va davlat xaridlari yagona axborot portali yaratilishi hamda 2018-yil 1-yanvardan ishga tushirilishini ta’minlash, shuningdek, bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish topshirildi:

davlat va korporativ xaridlarini raqobat asosida amalga oshirishning shaffof va ochiq mexanizmini, ushbu sohada korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni;

davlat va korporativ xaridlariga tadbirkorlik subyektlari keng jalb qilinishini;

davlat va korporativ xaridlari ishtirokchilari uchun shikoyat qilishning mustaqil va samarali tizimi hamda tartib-taomillarini yaratishni;

elektron xaridlarni yanada rivojlantirish, natijalarni tahlil qilish uchun ma’lumotlar yagona bazasini, xaridlarning zaruriy parametrlarini tashkil etishni.

Shu bilan bir qatorda, Agentlik O‘zbekiston Respublikasining investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida davlat va korporativ xaridlarini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.

2018-yil 1-yanvarga qadar noaniqliklarni bartaraf qilish va suiiste’molchilik holatlarining oldini olish maqsadida davlat va korporativ xaridlari quyidagi ekvivalentlarga muvofiq, ya’ni:

1 ming AQSh dollaridan kam bo‘lgan bitta kontrakt – narxi, sifati va tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni yetkazib berish muddati bo‘yicha eng maqbul keladigan shartlarni taklif qilgan yetkazib beruvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali;

1 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan bitta kontrakt – buyurtmachi tuzadigan idoraviy tanlov komissiyalari tomonidan baholanadigan eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali;

100 ming AQSh dollaridan yuqori miqdordagi bitta kontrakt – buyurtmachi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zInjiniring” Respublika loyiha instituti, shuningdek, buyurtmachining tarmoq ilmiy-texnik kengashlarining vakillarini majburiy jalb etgan holda tuziladigan idoralararo tanlov (tender) komissiyalari tashkil etadigan tanlov (tender) savdolarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, mazkur xaridlar bo‘yicha texnik shartlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan kelishilgan bo‘lishi shartligi haqidagi talab belgilandi.

Shu bilan birga, qarorda davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida ularning tender savdolarini tashkil etish bo‘yicha talablarni buzganligi hamda o‘tkazilgan davlat va korporativ xaridlarining maqsadga muvofiqligi uchun jinoiy javobgarlikka tortishgacha bo‘lgan shaxsiy javobgar bo‘lishi ko‘rsatildi.

Qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori davlat va korporativ xaridlarining ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va loyiha boshqaruvi tamoyillaridan foydalanishga asoslangan zamonaviy shakl hamda uslublariga bosqichma-bosqich o‘tish yo‘lidagi yana bir qadam hisoblanadi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi byudjet mablag‘laridan foydalanishning samaradorligini, davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining davlat va korporativ xaridlarini amalga oshirishda mustaqilligi va mas’uliyatini oshirishga, byurokratiyani bartaraf etishga xizmat qiladi.