Xavfli chiqindilarni boshqarish sohasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi

Mavjud qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va respublika hududidan olib chiqishda ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni majburiy ekologik sertifikatlashtirish tartibi belgilab qo‘yilgan.
Unga ko‘ra, Bazel konvensiyasi ishtirokchisi bo‘lmagan davlatlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan ro‘yxati tasdiqlangan ekologik xavfli mahsulotlar va chiqindilarni respublika hududiga olib kirishlari va respublika hududidan olib chiqishlari qat’iyan taqiqlanadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktor o‘rinbosari Timurlan Aytmuratov Shveysariyaning Jeneva shahrida Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida Bazel konvensiyasi ochiq ishchi guruhining 14-yig‘ilishida ishtirok etdi.

Mazkur yig‘ilish elektron chiqindilar, chiqindi qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar, ishlatilgan va chiqindi pnevmatik shinalar bo‘yicha texnik ko‘rsatmalarni qayta ko‘rib chiqish hamda Bazel konvensiyasi hamkorlik dasturini muhokama qilish maqsadida tashkil etildi.
Tadbir davomida boshqa mamlakatlarning vakillari bilan muloqot qilinib, tajriba almashildi hamda xavfli chiqindilarni boshqarish sohasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Xavfli chiqindilarni boshqarish sohasida qo‘shma istiqbolli investitsion loyihalarni ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.

Ma’lumot o‘rnida shuni qayd etish lozimki, mamlakatimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995 yil 22 dekabrdagi “Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risidagi Bazel Konvensiyasiga qo‘shilish haqida”gi qaroriga asosan Bazel konvensiyasi ishtirokchisiga aylangan.
Qayd etilishicha, Bazel konvensiyasi bo‘yicha konferensiyalar doirasida qabul qilingan texnik ko‘rsatma va tavsiyalardan kelib chiqib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan amaldagi milliy me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish, jumladan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

O‘zbekistonda plastik chiqindilar hosil bo‘lishi yuzasidan xatlov ishlarini tashkil etish, mahalliy konsultantlarni jalb qilgan holda milliy qonunchilikni ko‘rib chiqish va plastik chiqindilarni boshqarish sohasida mavjud holat, muammo va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar bo‘yicha hisobot loyihasi tayyorlanadi. Plastik, ishlatilgan avtoshinalar, akkumulyator, elektron va tibbiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ishlab chiqiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA