Senat yalpi majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi ko‘rib chiqildi.
Hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar jalb etishni oshirish, aholi turmush farovonligini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalar tahlil qilindi.
Majlisda bu borada aholi bandligini ta’minlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, qulay agrobiznes muhitini yaratish, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Bunda Prezidentimiz tomonidan mintaqada yuzaga kelgan ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilayotgan jiddiy e’tibor, hududni rivojlantirish maqsadida qabul qilinayotgan qator farmon va qarorlarning alohida o‘rni bor. Oliy Majlis Senati tomonidan esa ularning ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020–2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dasturga muvofiq, 2020-2023 yillarda umumiy qiymati 11,2 trillion so‘mlik 1 ming 359 investitsiya loyihasi ishga tushirilib, 16 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.
Prezidentimizning “BMT Bosh Assambleyasining “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2021-2024 yillarda Orolbo‘yi mintaqasida iqtisodiyot tarmoqlarida resurs tejovchi, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha 71 tadbirni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” hamda 65 ustuvor innovatsion loyiha ro‘yxati tasdiqlangan.
“Yo‘l xaritasi”dagi tadbirlardan 65 tasi hamda ustuvor innovatsion loyihadan 53 tasi bajarilgan.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 noyabrdagi “Orolbo‘yi mintaqasida tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Mo‘ynoq tumanidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator soliq imtiyozlari berilishi natijasida 2024 yil birinchi chorak yakunlariga ko‘ra 296 korxona ixtiyorida 1,5 milliard so‘m qoldirilgan.
Bundan tashqari, 2024 yilning birinchi choragida 12 ming 867 tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 30,1 milliard so‘m soliq imtiyozlaridan foydalanilgan.
Majlis davomida Prezidentimizning 2024 yil 9 fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan hududda 2024 yilda 120 mingdan ortiq aholining doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda bandligini ta’minlash, qiymati 6,5 trillion so‘mlik 421 investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, aholini biznesga jalb qilish, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yer uchastkalarini auksion savdolariga chiqarish, aholini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash, noruda foydali qazilma konlari va uchastkalaridan foydalanish huquqini auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlangan.
Muhokamalar yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi hamda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
N.Abduraimova,
O‘zA