O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux birgalikda Toshkent shahridagi Texnoparkka tashrif buyurdilar.
Ushbu zamonaviy innovatsion majmua davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida barpo etilgan.
Bugungi kunda bu yerda 365 million dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar evaziga 16 ta ishlab chiqarish maydoni joylashgan.
Mo‘g‘uliston Prezidentiga Texnopark korxonalarida ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar, shu jumladan maishiy texnika, elektron hisoblagichlar, liftlar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari, sovutish uskunalari va boshqalar namoyish etildi.
Ta’kidlash joizki, yetakchi xorijiy brendlar ostida va ular nazoratida ishlab chiqarilayotgan bu tovarlar ichki va tashqi bozorlarda katta talabga ega.
Prezidentlar ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tajribasi bilan o‘zaro almashish muhimligini ta’kidladilar.