Eng ko‘p – sakkiz bor “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan yagona futbolchi Lionel Messi AQSH ESPN telekanaliga bergan intervyusida 42 kundan so‘ng Fransiya poytaxti Parijda boshlanadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etmasligini ma’lum qildi.

Aytish joiz, “Inter Mayami”ning 36 yoshli hujumchisi ayni payt Argentina terma jamoasi safida 20 iyun-14 iyul kunlari AQSHda bo‘lib o‘tadigan Amerika qit’asi kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Joriy yil fevral oyida Argentina U23 terma jamoasi bosh murabbiyi Xaver Maskerano Messi “Parij-2024”da Olimpiya terma jamoasi safida maydonga tushishga rozilik berganini aytgandi.

2008 yil Pekinda Olimpiada g‘olibligiga erishgan Lionel esa bu xususda boshqacha fikr bildirdi:

– Parij haqida o‘ylash qiyin, chunki biz Amerika kubogiga tayyorlanyapmiz. Ikki-uch oy ketma-ket klubda bo‘lmayman. Qolaversa, hozir hamma joyda bo‘ladigan yoshda ham emasman.

Barselona afsonasi 2026 yil AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan jahon chempionatida qatnashish imkoniyatini istisno etmadi:

– Rekordlar o‘rnatish, muvaffaqiyatga erishishda davom etish – ajoyib! Agar o‘zimni yaxshi his qilsam, ikki yildan keyingi jahon futbolining eng yirik musobaqasida Argentina safida maydonga tushaman.

Eslatib o‘tamiz, “Parij-2024” dasturidagi futbol bo‘yicha erkaklar jamoalari musobaqasi 24 iyul-9 avgust kunlariga to‘g‘ri keladi. Argentina “V” guruhida Marokash, Iroq, Ukraina jamoalari bilan kuch sinashadi. O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa “S” guruhida Ispaniya, Misr va Dominikana Respublikasi bilan kurash olib boradi.

T. Ro‘ziyev,

O‘zA