Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyun kuni poytaxtimizning Yakkasaroy va Yashnobod tumanlariga tashrif buyurib, jamoat xavfsizligi va sport sohalaridagi yangi ob’ektlar hamda mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib ko‘rdi.

Bu markaz O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi doirasida tashkil etilgan. Majmua mukammal ta’mirlanib va zamonaviy jihozlanib, shu yil martda ishga tushirilgan.

Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot makonidir. Bu yerda joylardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Xususan, 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyati 6 ta yo‘nalish bo‘yicha nazorat qilinadi va baholanadi.

Bunda “Ye-Jamoat xavfsizligi”, “Ye-Ijtimoiy vaziyat” kabi dasturlar, yo‘l harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda 6 mingdan ziyod “aqlli” kuzatuv kameralari integratsiyasi qo‘l kelmoqda. Shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yo‘l patrul, post patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy o‘quvlar o‘tkaziladi. Ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va tezkor choralar ko‘rish o‘rgatiladi.

Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida e’tibor qaratib, soha xodimlari yuqori texnologiyalarni yaxshi bilishi lozimligini ta’kidladi.

Bugungi kunda barcha sohalarda sun’iy intellektning o‘rni kengayib bormoqda. Insonlarga qulaylik yaratadigan dasturlar bilan birga kiberjinoyatchilik, firibgarlik usullari ham ko‘paymoqda. Bunday jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va fosh etish uchun ichki ishlar xodimi undan-da ilg‘or, ziyrak bo‘lishi kerak.

Shu bois markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi o‘quv dasturlarini shu nuqtai nazardan takomillashtirish, dual ta’lim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qo‘llash bo‘yicha tuzilma tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini ta’minlash borasida qo‘shimcha topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan jamoat xavfsizligi bo‘yicha strategiyada 2025 yil yakuniga qadar tizimni raqamlashtirishni 90 foizga yetkazish belgilangan. Tashrif chog‘ida davlatimiz rahbariga shu borada axborot berildi.

Bu jarayon uch bosqichda amalga oshirilmoqda.

Birinchi bosqichda muammolar o‘rganilib, ikkinchisida shu asosida mutaxassislar va dasturlar tayyorlandi. Jumladan, 66 ta axborot tizimi va modullari ishlab chiqildi. Ularga vazirlik va idoralarning 77 ta hamda Ichki ishlar vazirligining 25 ta axborot tizimi integratsiya qilindi. Jamoat xavfsizligi bo‘linmalari xodimlari 18 mingdan ziyod planshetlar bilan ta’minlandi hamda raqamli qurilmalardan samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitildi.

Natijada 155 ta hisobot, 37 ta ish yuritish sohasi, yuzga yaqin qaydnoma va yig‘ma materiallar raqamlashtirilgan. Buning hisobiga 213 milliard so‘m tejalishiga erishilgan.

Endi, uchinchi bosqichda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi tashkil etib, sohaga sun’iy intellektni keng joriy qilish, uskunalarni mahalliylashtirish kabi maqsadlar qo‘yilgan.

Shu yerda ichki ishlar tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnika va anjomlar namoyish qilindi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida bunyod etilgan suv sporti saroyini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasiga qarashli mazkur majmua suv sporti rivojlangan mamlakatlar tajribasi asosida qurilgan. E’tiborlisi, bu yerda ham professional sportchilar, ham havaskorlar uchun sharoit yaratilgan.

50 metrli basseyn va 500 o‘rinli tomoshagohga ega katta zalda xalqaro miqyosdagi musobaqalar, terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish uchun zamonaviy sharoitlar bor. Balandlikdan sakrash va kichik havzalarda bolalar suv sportini o‘rganadi.

Majmuada yoshlar, mehnat jamoalari va faxriylar salomatliklarini mustahkamlashi mumkin. U bir vaqtning o‘zida 100 nafar, bir kunda mingdan ziyod aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega.

Ikkinchi qavatda ma’muriyat va murabbiylar xonasi, konferensiya zali, trenajyor xonasi hamda sport sharhlovchilari uchun maxsus xonalar joylashgan.

Majmua negizida Suv sporti maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu yerda yosh sportchilarning mashg‘ulotlarini kuzatdi. Ularning intilishlarini qo‘llab-quvvatlab, ulkan yutuqlarga ruhlantirdi.

Bu yil Parij shahrida o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidan 13 nafar sportchi litsenziya qo‘lga kiritgan. Prezidentimiz mazkur sportchilar va murabbiylar bilan suhbatlashdi.

– Shaharu qishloqlarda sport majmualari qurib, uni ommalashtirishga katta e’tibor berayamiz. Chunki sport bilan shug‘ullangan yoshlar kam bo‘lmaydi, sog‘lom bo‘ladi, bolalariniyam shunday tarbiyalaydi. Sizdek professional sportchilar bu yo‘lda yoshlarga ham iftixor, ham o‘rnak bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Dilbog‘ mahallasida ham bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta ko‘p qavatli uy, maktab va bog‘chalar, savdo shoxobchalari  atrofi obod qilingan.

Yurtimizda har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirilmoqda. Dilbog‘liklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shug‘ullanadi. 15 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, ta’lim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.

O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 13 ta loyihaga kredit ajratilgan. 300 ga yaqin fuqaro yangi ishga joylashtirilgan. Yoshlarni kasbga o‘rgatish uchun monomarkaz tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashg‘ulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu yerda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashg‘ulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.

Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi mas’ullari bilan suhbatlashdi.

– Futbol bo‘yicha qarorlarimiz, iqtidorli bolalarga e’tibor berganimiz tufayli o‘zbek futboli ham jahonga chiqa boshladi. Yevropa jamoalarida legionerlarimiz ko‘payyapti. Yoshlarimiz Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Bu davomiy bo‘lishi uchun endi mahallalarda futbolni rivojlantirish kerak. Qo‘shimcha stadionlar qurib, uning ommaviyligini qo‘llab-quvvatlash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu mahalladagi suv sporti saroyining ta’miri ham ko‘zdan kechirildi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror ishlatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbirlari