Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi Dilbog‘ mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Mahallada 5 ming 200 nafardan ortiq aholi yashaydi. 26 ta ko‘p qavatli uy, maktab va bog‘chalar, savdo shoxobchalari  atrofi obod qilingan.

Yurtimizda har bir mahalla ixtisoslashuvidan kelib chiqib rivojlantirilmoqda. Dilbog‘liklar asosan tadbirkorlik va hunarmandlik bilan shug‘ullanadi. 15 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bitta ishlab chiqarish korxonasi, ta’lim muassasalarida aholi doimiy ish bilan band.

O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 13 ta loyihaga kredit ajratilgan. 300 ga yaqin fuqaro yangi ishga joylashtirilgan. Yoshlarni kasbga o‘rgatish uchun monomarkaz tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari mahalladagi qurilish va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi huzuridagi Toshkent shahar futbol akademiyasi shu mahallada joylashgan. Zamonaviy majmuada yopiq va ochiq sport maydonlari, nazariy mashg‘ulot xonalari, yotoqxona, oshxona va kutubxona mavjud. Hozir bu yerda 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 154 nafar bola saboq olmoqda. Mashg‘ulotlarga chet ellik mutaxassislar ham jalb qilingan. Stadionlar yoritish va tasvirga olish qurilmalari bilan jihozlangan.

Prezident akademiya tarbiyalanuvchilari va sport sohasi mas’ullari bilan suhbatlashdi.

– Futbol bo‘yicha qarorlarimiz, iqtidorli bolalarga e’tibor berganimiz tufayli o‘zbek futboli ham jahonga chiqa boshladi. Yevropa jamoalarida legionerlarimiz ko‘payyapti. Yoshlarimiz Olimpiadaga yo‘llanma oldi. Bu davomiy bo‘lishi uchun endi mahallalarda futbolni rivojlantirish kerak. Qo‘shimcha stadionlar qurib, uning ommaviyligini qo‘llab-quvvatlash zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu mahalladagi suv sporti saroyining ta’miri ham ko‘zdan kechirildi. Uni davlat-xususiy sheriklik asosida barqaror ishlatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.