O‘zbekiston Prezidentining Turkiyaga rasmiy tashrifi chog‘ida ikki mamlakat Birinchi xonimlari – Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdog‘an qator madaniy tadbirlarda ishtirok etdi.

Birinchi xonimlar Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasida bo‘ldi. 2020 yilda uning tantanali ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyeva faxriy mehmon bo‘lgan edi.

Bu galgi tashrif chog‘ida kutubxona bo‘ylab sayohat o‘tkazildi. 11 qavatli ushbu mahobatli majmua markaziy vestibyul, o‘quv zallari, arxiv va laboratoriyalar, ko‘rgazma joylari, kafeteriylarni o‘z ichiga olgan. Uning fondi 4 million kitob va 700 ming davriy nashrlardan iborat.

Tanishuv asnosida Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdog‘an bir-biriga kitoblar sovg‘a qildi.

Mehmonlar sharafiga kutubxonada amaliy san’at ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. O‘zbekiston va Turkiyaning Birinchi xonimlari ushbu ko‘rgazmani ko‘zdan kechirdi. Xalqlarimizning madaniy ildizlarini namoyon etuvchi an’analar va hunarmandchilik buyumlari barchada yorqin taassurot qoldirdi.

Turkiya Respublikasiga asos solinganining 100 yilligi munosabati bilan kutubxonada Fotih Sulton Mehmedga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilgan. Ziroat Mirziyoyeva uni qiziqish bilan tomosha qildi.

Ko‘rgazmada Sultonning qilichlari, zirhi, chakmonlari va o‘sha davr tarixiga oid ko‘plab osori-atiqalar bor. Ular Mehmedning bolaligi, hukmronlik davri, Istanbulni zabt etishi, ilmiy hayoti haqida hikoya qiladi.

Birinchi xonimlar milliy liboslar va gilamlar namoyishini ham ko‘rdi. Unda Turkiya hududlarining o‘ziga xos an’analari, to‘qimachilik uslublari, matolar va ramzlar haqida so‘zlab berildi.

Madaniy tadbirlardan so‘ng, Ziroat Mirziyoyeva va Emine Erdog‘an ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, turizm, ekologiya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida tajriba almashish muhimligi ta’kidlandi.

Birinchi xonimlar uchrashuvi, har doimgidek, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi.

O‘zA