O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbek adabiyotining eng yaxshi asarlarini xorijiy tillarga, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, samarali ijod qilayotgan mohir tarjimonlarni munosib rag‘batlantirish, badiiy tarjimaning saviyasini yanada oshirish, shuningdek, 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotни (keyingi o‘rinlarda – Xalqaro mukofot) ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Xalqaro mukofot uchun tanlovlar 2025 yildan boshlab, har ikki yilda bir marta quyidagi yo‘nalishlarda o‘tkazilishi va g‘oliblar aniqlanishi belgilab qo‘yilsin:
o‘zbek adabiyotining nasriy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
o‘zbek adabiyotining she’riy asarlaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
o‘zbek bolalar adabiyoti namunalaridan xorijiy tillarga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan nasriy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan she’riy asarlardan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima;
xorijiy tillarda yaratilgan bolalar adabiyoti namunalaridan o‘zbek tiliga qilingan eng yaxshi tarjima.
3. Belgilansinki:
Xalqaro mukofot g‘oliblarining har biri maxsus diplom, ko‘krak nishoni va bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
g‘oliblarga Xalqaro mukofot tantanali ravishda topshiriladi.
4. Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot kengashi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Xalqaro mukofot kengashi (A.N.Aripov):
2024 yil 1 oktyabrga qadar Xalqaro mukofotning maxsus diplomi va ko‘krak nishoni loyihalarini tasdiqlasin, shuningdek, rasmiy veb-сайтини yaratsin;
Xalqaro mukofotni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib etish orqali ijodiy tashkilotlar, tarjimonlar, yozuvchi va shoirlar o‘rtasida ommalashtirishni tashkil etsin;
malakali mutaxassis va ijodkorlardan iborat tarkibda talabgorlarning ishlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘ysin, ushbu ishchi guruhlarning xulosalarini hamda keng jamoatchilikning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda g‘oliblarni aniqlab, taqdirlab borsin;
Xalqaro mukofot g‘oliblari bilan muntazam faol ijodiy ҳамкорликни yo‘lga qo‘ysin.
Belgilansinki, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xalqaro mukofot kengashining ishchi organi hisoblanadi.
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
6. Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirish va g‘olib deb topilgan chet ellik ishtirokchilarning mamlakatimizga taklif etilishiga ko‘maklashsin.
7. Belgilansinki, Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va o‘tkazish, shu jumladan, mazkur qarorning 3-bandida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasining xarajatlar smetasi bo‘yicha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ajratiladigan mablag‘lar, tashkilotchilar mablag‘lari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga ushbu qaror ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2024 yil 4 iyun