Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlari doirasida ajratiladigan o‘rinlar uchun tavsiyanoma olish maqsadida talabgorlardan arizalar joriy yil 30 maydan 8 iyunga qadar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.

Toshkent shahar Oila va xotin qizlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, respublika oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida oliy ma’lumot olish istagida bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning tanlovda ishtirok etishi uchun tavsiyanoma bir qator mezonlar asosida beriladi.

Jumladan, kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar, to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar, turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar,  nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar, ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning qiz farzandlari, shuningdek, ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tavsiyanomalar beriladi.

Tavsiyanoma yuqoridagi mezonlarga mos kelgan, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatga ega bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi barcha talabgor xotin-qizlarga beriladi.

Arizalar https://xotin-qizlar.uz/ platformasi orqali elektron shaklda talabgorning o‘zi tomonidan to‘ldiriladi. Talabgor ariza to‘ldirayotganda pasport seriyasi va tug‘ilgan kuni, oy va yili ma’lumotlarini kiritib, ma’lumotlari platformada saqlanishi bo‘yicha rozilik berganidan so‘ng keyingi sahifaga o‘tiladi. Unda yashash manzili to‘liq kiritiladi. Shundan so‘ng talabgor belgilangan 6 ta mezondan qaysi biriga to‘g‘ri kelsa, shu tanlaydi va saqlash tugmasini bossa, unga SMS kod keladi. Ariza SMS orqali yuboriladigan kod bilan tasdiqlanadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA