Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi O.Xudoyshukurov nomidagi madaniyat markazida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, uyushmagan yoshlarni kasbga o‘qitish, hayotda o‘z o‘rnini topishiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tadbir o‘tkazildi.
Ushbu tadbir doirasida madaniyat saroyi binosi oldida Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi faoliyati bilan tanishtirish maqsadida ko‘rgazma tashkil qilindi. Unda yoshlar vatan himoyachilari, yurt posbonlari va tinch yurtimizning faxri bo‘lgan soha xodimlarining faoliyati bilan tanishdi.
Ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida tashkil qilingan “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkasida yoshlar uchun korxona va tashkilotlardagi vakant o‘rinlar taqdim qilindi. Shu bilan birga yoshlarni kasb-hunarga jalb qilish maqsadida hunarmandlar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati buyumlari yarmarkasi ham uyushtirildi.
Tadbirning asosiy qismi tuman madaniyat saroyi tomoshalar zalida bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimining o‘rinbosari U.Allaberganov boshqarib borgan
yoshlar bilan uchrashuvda Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari o‘rinbosari, harbiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, polkovnik F.Umirov, ushbu akademiya bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik J.Qayumov, tuman adliya bo‘limi boshlig‘i M.Nuriddinov va boshqalar so‘zga chiqib, mavzu yuzasidan o‘z fikr- mulohazalarini bildirdi. Yoshlarning savollariga soha mas’ullari javob berishdi. Tadbirda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan bir guruh yoshlarga tantanali ravishda vaucherlar topshirildi.
Uchrashuvdan keyin tadbir ishtirokchilari tumandagi 45-sonli umumta’lim maktabi hududida tashkil qilingan hunarmandlik sexi bilan tanishdi. Hunarmand M.Saparov maktabda bo‘sh turgan binoni qaytadan to‘liq ta’mirlab, hunarmandlik faoliyatini olib borayotgan ekan. Tadbir ishtirokchilari ushbu maktabning iqtidorli o‘quvchisi O‘g‘iloy Aminovaning yutuqlari hamda maktabda tashkil qilingan boks sport to‘garagi faoliyati bilan tanishdilar.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri