Qatarning Doxa shahri 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazishga eng yaqin nomzod ekanligi borasida Ispaniyaning Relevo sayti xabar tarqatdi.

Xabarda yozilishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilish uchun turli davlatlar o‘rtasidagi “qizg‘in kurash”ni yakunlash arafasida.

O‘tgan oyning o‘zidayoq Qatar Olimpiya qo‘mitasi 2036 yilgi o‘yinlarni qabul qilish arizasini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. XOQ prezidenti Tomas Bax 2036 yilgi Olimpiya o‘yinlarini qabul qilishga qiziqish bildirayotgan Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Ispaniya, Chili, Germaniya va Hindiston haqida to‘xtalib, to‘rt yillik o‘yinlarning dunyo bo‘ylab harakatlanishida geografik joylashuv ahamiyatli ekanligini ta’kidlagan.

Shu jihatdan 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari Yevropada, 2028 yilgisi Amerika qit’asida va 2032 yilgi o‘yinlar Okeaniya qit’asidagi Brisben shahrida tashkillashtirilishiga izn berilganligiga e’tibor qaratilsa, Osiyo qit’asida joylashgan Doxa har jihatdan 2036 yilgi Olimpiadaga mezbonlikka munosibdek tasavvur uyg‘otadi.

Ammo Ispaniya nashri tarqatgan xabardan xoli tarzda aytish lozimki, bu borada Osiyo qit’asining yana bir davlati Hindiston 2036 yilgi Olimpiadaga nomzod ekanligini inobatga olsak, Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun “jang” Qatar va Hindiston o‘rtasida kechishi anglashiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2036 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari qaysi davlatda o‘tkazilishi masalasidagi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qarori 2026 yilda bo‘ladigan yig‘ilishda e’lon qilinadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA