Eldor Aripov: O‘zbekiston – Rossiya hamkorligi barqaror va izchil rivojlanish bosqichida

331

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Rossiya Fanlar akademiyasi Ye.M. Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekiston – Rossiya: o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlarini izlab…” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan SMTI direktori Eldor Aripov ta’kidlaganidek, “ayni payt ikki tomonlama hamkorlik barqaror va o‘zaro manfaatli asosda keng qamrovli muloqotni izchil yo‘lga qo‘yish darajasiga yetdi”. U o‘z fikrini quyidagi omillar bilan asosladi:

– Avvalo, O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot sezilarli darajada mustahkamlandi. 2017 yildan beri oliy darajada 18 marta o‘zaro tashrif bo‘lib o‘tdi. Joriy yil boshidan buyon ikki davlat rahbarlari 3 marta uchrashdilar.

Ikkinchidan, SMTI rahbari fikricha, savdo-iqtisodiy aloqa faol kengayib borayotgani tahsinga sazovor. Oxirgi 5 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash ikki barobar oshdi. Shu bilan birga, savdo aylanmasi tuzilmasining, deyarli, 70 foizi allaqachon yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya bilan investitsiya loyihalari portfeli 45 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichga, jumladan, sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish tufayli erishildi. Iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida 150 dan ortiq loyiha ishga tushirildi.

– Darhaqiqat, biz qisqa vaqt ichida oddiy eksport-import amaliyotridan to‘liq sanoat va texnologik sheriklikka o‘tishga muvaffaq bo‘ldik, – qayd etdi E.Aripov.

SMTI rahbari fikricha, uchinchidan hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik munosabatlarning muhim bo‘lagiga aylandi. Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining 80 sub’ekti O‘zbekiston bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirmoqda. Bu deyarli butun Rossiya, degani. O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tgani mamnuniyat bilan qayd etildi:

– Shu tariqa biz mintaqalararo hamkorlikka institutsional xususiyat berdik, – dedi SMTI direktori.

To‘rtinchidan, ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik chuqurlashib bormoqda. O‘zbekistonga ta’lim xizmati ko‘rsatish bo‘yicha Rossiya yetakchi. Bu natijaga noyob ikki tomonlama hamkorlik mexanizmini yaratish orqali erishilgan.

Shu nuqtai nazardan, ekspert har yili Rossiya – O‘zbekiston ta’lim forumi hamda O‘zbekiston va Rossiya oliy o‘quv yurtlari rektorlarining mintaqalararo konferensiyasi o‘tkazilayotganini eslatdi.

“Bizda hech qaysi davlat bilan bunday format yo‘q”, – deya xulosa qildi Eldor Aripov.

Uning fikricha, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasi ham umumiy kun tartibidan joy olgan. Ushbu davlat ishtirokida amalga oshirilayotgan iqtisodiy rivojlanish loyihalari mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun samarali vositaga aylanishi kerak, degan umumiy tushuncha mavjud.

Shu bilan birga, SMTI vakili fikricha, hamkorlik o‘zaro manfaat tamoyilini hisobga olgan holda shakllantirilishi nihoyatda muhim. Yondashuvlarni muvofiqlashtirish, bir-birining talabi va ehtiyojini tushunish, umumiy nuqtalarni topish barqaror, teng huquqli sheriklik uchun asosdir.

Shu nuqtai nazardan, SMTI va Rossiya Fanlar akademiyasi Ye.M. Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti  tomonidan tashkil etilayotgan O‘zbekiston – Rossiya Ekspertlar kengashi muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

“Mohiyatan, bunday tuzilma ish boshlashi mavjud aloqalarga muntazamlik baxsh etadi. Eng muhimi, tomonlar uchun o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha rejali muhokamalarga kirishiladi”, – deya xulosa qildi E.Aripov.

G‘.Xonnazarov, R.Nazarmatov (surat), O‘zA