Yaponiya mudofaa vaziri Minoru Kixara Shimoliy Koreya dushanba kuni navbatdagi josus yo‘ldoshini uchirishga uringani, biroq parvoz amalga oshmaganini rasman e’lon qildi.
– Barcha ma’lumotlarni tahlil qilib, yo‘ldosh uchirish harakati muvaffaqiyatsiz kechganini tasdiqlaymiz, – degan vazir Kiodo agentligiga.
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi 27 may kuni maxsus qurilmani koinotga yo‘naltirgan, biroq samoga ko‘tarilgan raketa bir necha daqiqadan keyin Sariq dengiz ustida ko‘zdan yo‘qolgan. Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi ham Pxenyan harbiy razvedka yo‘ldoshi sinovini o‘tkazganini yozgan. Agentlik parvoz omadsizligiga yaqinda ishlab chiqarilgan dvigatel bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lganini qayd etgan.
O‘tgan yil noyabr oyida KXDR “Malligyon-1” yo‘ldoshini samoga muvaffaqiyatli olib chiqqan edi.