Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari mazkur o‘quv yurtida tashkil etilgan “Men donorman” aksiyasi doirasida qon topshirishda faol ishtirok etdi.

Respublika qon quyish stansiyasi avtotransport vositalari negizida tayyorlangan ko‘chma donorlik majmuasida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda ixtiyoriy ravishda kelgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar dastlab malakali shifokor ko‘rigidan o‘tib, shundan so‘ng belgilangan tartibda qon topshirishdi. Ushbu maxsus avtobus barcha zarur texnika bilan jihozlangan.

– Shu kabi xayriya aksiyasida ko‘ngilli tarzda ishtirok etib, qon topshirish ishlarida faollik ko‘rsatgan talaba-yoshlardan juda mamnun bo‘ldik, – deydi filialning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i A.Seytkamalov. – Bunday ezgu ishni amalga oshirish orqali kimningdir hayotini saqlab qolishdek savobli ishga hissa qo‘shish imkoniga ega bo‘lamiz. Shu o‘rinda barchani aksiyada faol ishtirok etishga chorlab qolamiz.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri