Tadbirkorlarga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etish tartiblari takomillashtiriladi

294

“Tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-193-son, 24.05.2024 y.) qabul qilindi .

Qarorga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda joriy etiladi:

1) qo‘llab-quvvatlash choralari “V” va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:

— “AAA” toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi;

— “AA” toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi;

— “A” toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi;

— “VVV” toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi;

— “VV” toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi;

— “V” toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi;

2) qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan, shuningdek, Prezident Farmonigamuvofiq 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi;

3) tadbirkorlarning reyting darajasi:

— pasaygan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi;

— yuqorilagan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.

2025 yil 1 yanvardan “subsidiya.mf.uz” platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.

 

O‘zA