O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2017-yil 11-avgustdagi PF-5148 sonli Farmoni asosida matbuot va ommaviy axborot vositalari, noshirlik, matbaa, kutubxonachilik, axborot-resurs sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, mavjud huquqiy-normativ va moddiy-texnik bazani takomillashtirish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, boshqaruvning bozor munosabatlariga xos usullarini keng qo‘llash maqsadida:
1. Quyidagilar:
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarining tuzilmalari 3- va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktoriga zarur hollarda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tuzilmalariga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
2. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarini saqlash, shuningdek, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi tashkilotlarning shartnoma asosidagi ajratmalari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasini saqlash, shuningdek, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirilishi inobatga olinsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalari, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti davlat korxonasi davlat ko‘chmas mulki obyektlarida ijara to‘lovisiz joylashtiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi muassisligidagi “Tong yulduzi” va “Klass!” gazetalari hamda “Gulxan” va “G‘uncha” jurnallarini nashr etish bilan bog‘liq xarajatlarning mazkur nashrlar o‘z daromadlari bilan ta’minlanmagan qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar matbuot va axborot boshqarmalarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni 2017-yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xarajatlari parametrlari doirasida ajratsin, 2018-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida nazarda tutsin.
5. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Navoiy ko‘chasi, 30-uyda joylashtirilsin.
6. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi bir oy muddatda, o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalar va faoliyat yo‘nalishlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 17-avgust