Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvda 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida 20 dan ortiq masalalar muhokama qilinishini ma’lum qildi.
Shu kunlarda Ostona shahrida SHHTga a’zo davlatlar tashqi siyosat idoralari rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari, tashkilot Bosh kotibi va Mintaqaviy aksilterror tuzilmalari ijro qo‘mitasi direktori ishtirok etmoqda.
– Mamlakatlarimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu forumni sifatli tayyorlash uchun Tashqi ishlar vazirlari kengashiga katta mas’uliyat yuklangan, -dedi Toqayev. – Bu boradagi ishlaringizni yuqori baholayman. Taklif etilgan 20 dan ortiq hujjat SHHT doirasidagi keng qamrovli sheriklikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonchim komil.
Shuningdek, Qozog‘iston rahbari 3-4 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHTning Ostona sammiti “Ko‘p tomonlama muloqotni mustahkamlash – barqaror tinchlik va taraqqiyotga intilish” shiori ostida o‘tkazilishini ta’kidladi.
– Ushbu kun tartibi tashkilotning asosiy maqsadlaridan biri – mintaqada tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashni to‘liq aks ettiradi, bu borada Tashqi ishlar vazirlari kengashiga katta umidlar qo‘yiladi. SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining Ostonada bo‘lajak yig‘ilishini muvaffaqiyatli o‘tkazishga hissa qo‘shadi, — dedi Qozog‘iston rahbari.
Ma’lumot o‘rnida, SHHT 2001 yilda tashkil etilgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Unga Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston a’zo bo‘lgan. Afg‘oniston, Belarus va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi hamda Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, BAA, Turkiya va Shri-Lanka hamkor davlatlar maqomida tashkilot tadbirlarida ishtirok etib keladi. 2023 yil iyul oyida Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida Eron tashkilotga to‘laqonli a’zo bo‘ldi. U yerda Belarus tashkilotga a’zo davlat maqomini olish uchun majburiyatlar to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Shu yilning iyul oyida bo‘lib o‘tadigan sammitda Belarus SHHTning to‘laqonli a’zosiga aylanishi kutilmoqda.