Dunyo triatlon ishqibozlari e’tiborini O‘zbekistonga qaratgan “World Triathlon Cup Samarkand-2024” va “World Triathlon Para Cup Samarkand-2024” musobaqalari yakunlandi.

Jahon kubogi bahslari va uning doirasida tashkil etilgan ommaviy triatlon musobaqalari muxlislarga o‘zgacha zavq-shavq ulashdi. Sportchilar uchun esa Samarqand bahslari yangi g‘alaba, tajriba, mahorat maktabi bo‘lib qalblariga muhrlandi.

Samarqand xalqaro turizm markazi hududidagi suv havzasida, unga tutash hududlarda o‘tgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, erkaklar bahsida 40 dan ziyod davlat vakili orasida buyuk britaniyalik sportchi g‘oliblikka erishdi.

Xuddi shuningdek, o‘z yo‘nalishlarida germaniyalik Lena Meysner, irlandiyalik Judit Makkomb, polshalik Likach Viyeteski, ispaniyalik Xose Luis Garsiya Serrano, britaniyalik Xanna Mur singari sportchilar birinchi o‘rinlarni egallashi barobarida xalqaro sport maydonidagi natijalarini yaxshilab olishdi.

– Samarqand musobaqalari bir umr yodimda muhrlanib qoladi, –deydi germaniyalik Lena Meysner. – Dunyoning eng qadimiy shahri bo‘lgan bunday betakror maskanda bo‘lish, uning tarovatidan huzur olish har qanday insonga katta iftixor bag‘ishlaydi. 2022 yilgi jahon kubogida bronza medalini qo‘lga kiritgandim, Samarqandda esa g‘olib chiqdim. Bu Olimpiya o‘yinlari oldidan men uchun katta ruhiy quvvat bo‘ldi,

Xalqaro triatlon federatsiyasi taqvim rejasi asosida bo‘lib o‘tgan jahon kubogida yuqori natijalarga erishgan sportchilar “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarining reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi.

Bunday nufuzga ega bo‘lgan musobaqaning nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyo hududida birinchi marta o‘tkazilganligi alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘zida velosiped, suzish, yugurish turlarini jamlagan triatlon bo‘yicha jahon kubogida umumiy hisobda 60 ga yaqin davlat sportchilari ishtirok etganligi, ular orasida “Rio-2016”, “Tokio-2020” Olimpiadasi sovrindorlari qatnashganligi musobaqa nufuzini belgilab berdi.

Bundan tashqari, Samarqandda kechgan triatlon va para triatlon musobaqalari jahonning yetakchi axborot vositalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilganligi mamlakatimizda turizm sohasining yangi qirralarini ochib berdi.

Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar Sport vazirligi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi va Samarqand viloyat hokimligi tomonidan rag‘batlantirildi.

T. Ro‘ziyev, G‘. Hasanov, A. Isroilov(surat),

O‘zA muxbirlari