Birlashgan Arab Amirliklarining Ab-u-Dabi shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida dunyoning 107 davlatidan kelgan dzyudochilar raqobatlashmoqda.

Musobaqaning ilk kungi saralash bellashuvlarida Diyora Keldiyorova -52 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qildi.

Diyora finalgacha barcha saralash bellashuvlarida Anna Viktoriya Puliz (Xorvatiya), Sofiya Fiora (Argentina), Binta Ndiaye (Shveysariya) hamda Hibiki Shiraishini (Yaponiya) mag‘lub etdi.

Dzyudochimiz jahon chempionatining oltin medali uchun italiyalik Odette Gyuffridaga qarshi tatamiga chiqdi. Biroq Diyoraga ushbu bellashuvda biroz omad yetishmadi.

Shunday bo‘lsada, Diyora Keldiyorova jahon chempionatining kumush medali sovrindori bo‘ldi hamda qimmatli 1400 reyting ochkosini ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, Diyora o‘tgan yili Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tgan jahon chempionatida ham kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA