Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim eng ko‘p sayyoh keladigan Ark qal’asiga tashrif buyurdi. Bu yerda martabali mehmonga majmua to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Sayr davomida qo‘rg‘ondagi Taxtxona mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ark qal’asi Buxoroning eng qadimgi tarixiy me’morchilik yodgorligi hisoblanib, balandligi 16-20 metrni tashkil etadi.

Ark g‘arbdan sharqka tomon yoyilgan ko‘pburchakni eslatadi. Qo‘rg‘on hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarga qaraganda, qal’a devorlari miloddan avvalgi IV davrda barpo etilgan. Birinchi davr – antik, ikkinchi davr (mil. IV-V-VIII asrlar chegarasi) uchinchi davr (IX asr boshlari – XIII asr), to‘rtinchi davr (XV-XX asrlar)ga to‘g‘ri keladi.

1920-yildagi Buxoro bosqini natijasida ko‘pgina yodgorliklar qatorida “Ark qo‘rg‘oni” ham vayron bo‘lgan. Bugungi kunda Ark qo‘rg‘onining saqlanib qolgan 1,1 gektar maydonida Buxoro davlat muzey qo‘riqxonasi faoliyat olib bormoqda.

A.Bo‘riyev, N. Haydarov va T.Istatov (surat), O‘zA muxbirlari