“Samarqand” xalqaro aeroportida “Bir maqsad yo‘lida birlashaylik” shiori ostida yirik forum bo‘lib o‘tdi.
«Uzbekistan Airports» AJning turli bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan yuzlab yosh xodimlar ishtirok etayotgan ikki kunlik tadbir juda qiziqarli bo‘ldi.
«Uzbekistan Airports» AJdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, forum doirasida kompaniya rahbariyati bilan o‘zaro hamkorlik, interfaol muloqot qilish, jamoalar o‘rtasida aviatsiya mavzusida bilim va mantiqiy bellashuvlar, yosh mutaxassislarning taklif va loyihalari muhokamalari bo‘lib o‘tdi.
– «Uzbekistan Airports» AJ boshqaruv raisi bilan uchrashuv va muloqot qilish nafaqat men, balki hamkasblarim uchun ham katta motivatsiya bo‘ldi. Bu bizni nafaqat ilhomlantirdi, balki birlashtirdi ham», — deydi Buxoro xalqaro aeroporti xavfsizlik xizmati katta xodimi Erkin Xolov.
Bugungi kunda kompaniyada yoshlar tomonidan ko‘plab yangilik va loyihalar amalga oshirildi.
-Yoshlar tashabbusi bilan kompaniyadagi bo‘sh o‘rinlarga xodimlarni ishga olish loyihasi takomillashmoqda, aviatsiya sohasida tahsil olayotgan iste’dodli talabalar uchun stipendiyalar joriy qilindi, Boshqaruv raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi ishtirokida yoshlar siyosatiga oid murojaatlar va muhokamalar portali ishga tushirildi, — deydi «Uzbekistan Airports» AJ ijtimoiy siyosat bo‘limi boshlig‘i Alisher Normatov.
Forumda shuningdek, hayotga tadbiq etilishi rejalashtirilgan takliflar ham bildirildi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA