Tailandda VI Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari shu yilning 21-30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi.

Unda jami 30 ta sport turi bo‘yicha 290 ta medallar jamlanmasi uchun 60 ta davlat sportchilari o‘zaro raqobatlashadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, mazkur nufuzli o‘yinlar dasturidan milliy qadriyatimiz bo‘lgan kurash sporti ham rasman o‘rin olgan bo‘lib, bahslar Pattaya shahrida tashkil etiladi va unda polvonlar 15 ta vaznda medallar uchun raqobatlashadi.

Eslatib o‘tamiz, aslida har to‘rt yilda o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ushbu musobaqada 2021 yilda o‘tkazilishi belgilangan, ammo koronavirus pandemiyasi va uning yangi to‘lqinlari sabab 2024 yilning fevral – mart oylariga ko‘chirilgan edi. Biroq o‘sha vaqtda deyarli barcha davlat sportchilari bor e’tiborini «Parij-2024» yozgi Olimpiya o‘yinlariga qaratayotgani bois Tailandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan musobaqa keyinroqqa qoldirilgan edi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA