Xalqaro oila kunining 30 yilligi keng nishonlanmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1993 yil 20 sentyabrdagi yalpi yig‘ilishida 1994 yildan boshlab 15 may kuni Xalqaro oila kuni deb belgilangan.
Shu kundan buyon mana o‘ttiz yildirki, butun dunyoda 15 may — Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.
Mazkur sana munosabati bilan 15 may kuni “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida “Oila institutini mustahkamlash: farovon hayot va barqaror kelajak” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida e’tirof etilganidek, oila, uning huquq va manfaatlari O‘zbekistonda doimiy e’tiborda bo‘lib kelgan. Mamlakatimizda joriy etilgan “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi ijtimoiy loyihalar alohida ehtiyojli oilalarni qo‘llab-quvvatlash, salomatligini mustahkamlash, mavjud muammolarini bartaraf etish imkonini bermoqda.
Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi asosida mahallalarda xonadonma-xonadon yurib, oilalarning ahvolini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga tezkor yechim topish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, xonadonlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Tadbir ishtirokchilariga “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutida tayyorlangan oilalarni mustahkamlashga qaratilgan qo‘llanma va risolalar hamda “Baxtli va mustahkam oila timsoli” mavzusidagi o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari taqdim etildi. Xalqaro oila kuni munosabati bilan tayyorlangan videoroliklar namoyish etildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova so‘zga chiqdi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA