Nukus shahridagi Amfiteatrda madaniyat va san’at yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilib kelinayotgan “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan g‘olib bo‘lgan yosh iqtidor egalari va mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yurtimizning ming-minglab yoshlarini o‘zida jamlagan festivalning ochilishi bilan qutladi va barcha ishtirokchilarga omad yor bo‘lishini tiladi.

“Bo‘zatov iqtidorlarni kashf etadi!” shiori ostida 2021-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlovning maqsadi yurtimiz yigit-qizlarini Orolbo‘yining hayoti bilan yaqindan tanishtirish, yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etishi uchun keng yo‘l ochib berish, havaskor va professional ijodkorlarni rag‘batlantirishdan iborat. “Yoshlar ovozi” tanlovi ishtirokchilari 10-15, 16-22 va 23-30 yosh toifasida baxshichilik, an’anaviy ijro, opera va estrada yo‘nalishlarida o‘z iqtidorini namoyon etadi. Ularning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish uchun muzeylarga, Orolbo‘yining diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, turli mavzularda uchrashuvlar tashkil etiladi.

Tadbir san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.

Tanlovning yakuniy gala konserti va g‘oliblarni taqdirlash marosimi 16-may kuni Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.