7-may kuni mamlakatimizga yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vengriya elchisi Yojef Roja, Eron Islom Respublikasi elchisi Muhammadali Iskandariy, Chexiya Respublikasi elchisi Lyubomir Frebort, O‘mon Sultonligi elchisi Vafo al-Busaidiy, Jazoyir Xalq Demokratik Respublikasi elchisi Muhammad Irqiydan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Davlatimiz rahbari xorijiy diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini tayinlov bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston va ular vakillik qilayotgan mamlakatlarni yaqinlashtirish, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim o‘rnini qayd etdi.

O‘zbekiston Prezidenti global geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olayotgan, barqaror rivojlanishga tahdidlar tobora kuchayayotgan hozirgi davrda davlatlar o‘rtasida konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishda, do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda diplomatlar faoliyati yanada muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan. Jumladan, dunyodagi barcha davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, iqtisodiyotimizga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish, xususiy sektor uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish.

– Bugungi O‘zbekiston – jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan uzoq muddatli va keng qamrovli aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlatdir, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yetti yilda ikki barobar o‘sgani, investitsiyalar, savdo aylanmasi hajmi muttasil oshayotgani, eksport geografiyasi kengayayotganiga e’tibor qaratdi. Dunyodagi yetakchi kompaniyalar, mashhur brendlar bozorimizga faol kirib kelmoqda.

Kuni kecha 93 ta mamlakat vakillari ishtirokida o‘tgan uchinchi Toshkent investitsiya forumi va Xorijiy investorlar kengashi majlisining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

O‘zbekiston bundan buyon ham xalqaro maydonda ochiq, pragmatik va tashabbuskor tashqi siyosatni izchil davom ettirishini ta’kidlab, davlatimiz rahbari elchilar diqqatini ular vakillik qilayotgan mamlakatlar bilan munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi darajaga ko‘tarish muhimligiga qaratdi.

Prezidentimiz Vengriya elchisiga murojaat qilar ekan, Budapesht O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va vaqt sinovlaridan o‘tgan ishonchli sherigi ekanini qayd etdi.

– So‘nggi yillarda Bosh vazir Viktor Orban bilan birgalikdagi qat’iy intilish va aniq maqsadga yo‘naltirilgan harakatlarimiz natijasida aloqalarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, – dedi Prezident.

Shuningdek, ikki tomonlama tovar ayirboshlash ikki barobar o‘sdi, qo‘shma korxonalar soni oshmoqda, o‘tgan yili Budapeshtda O‘zbekiston elchixonasi ochildi, yuzdan ortiq o‘zbekistonlik talaba “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida Vengriya oliy ta’lim muassasalarida tahsil olmoqda. Yurtimiz bozorida Vengriyaning “OTP Bank”, “Bonapharm”, “Gedeon Richter”, “Meditop” kabi bir qator yetakchi kompaniya va banklari muvaffaqiyatli ishlamoqda.

Toshkent va Budapesht o‘rtasida aviaqatnovlar boshlanishi ishbilarmonlik aloqalari va turizm almashinuvlarini yanada faollashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari Eron bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar ko‘p ming yillik tarixiy ildizlardan kuch olayotganini ta’kidladi. Bugungi Eron katta iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatga ega mamlakat. Keyingi yillardagi oliy darajadagi tarixiy tashriflar va erishilgan muhim kelishuvlar munosabatlarimizda yangi yuksalish davrini boshlab berdi.

Barcha darajada o‘zaro muloqotlar faollashdi. Ikki tomonlama savdo hajmi o‘smoqda, qo‘shma korxonalar soni 300 taga yetdi. Qayd etilganidek, tomonlar tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq rejalarni belgilab olgan.

O‘zbekiston Eron bilan tog‘-kon, energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishdan manfaatdor.

Transport yo‘laklari va tranzit borasidagi hamkorlik salohiyatini to‘liq ishga solish muhimligi qayd etildi.

Prezidentimiz Chexiya Respublikasi O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi an’anaviy va muhim hamkori ekanini ta’kidladi. O‘tgan yili hukumat delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari ikki tomonlama aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘tardi.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida o‘zaro savdo ikki barobarga ko‘paygani hamkorlik borasida katta imkoniyatlar mavjudligini yaqqol tasdiqlaydi. O‘zbekistonda Chexiyaning yetakchi kompaniyalari sanoat, infratuzilma, tibbiyot, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. “Toshkent-Praga” aviaqatnovlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Kelishilgan investitsiya loyihalarini to‘liq amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha dasturni qabul qilish muhimligi ta’kidlandi. Chexiya Eksport banki hamda Eksportni kafolatlash va sug‘urtalash korporatsiyasining mamlakatimiz bank-moliya bozoriga kirish rejalari yuqori baholandi.

Prezidentimiz O‘mon Sultonligi O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi. Muqaddas islom dini, o‘xshash urf-odat va qadriyatlar hamkorligimizning mustahkam poydevoridir.

– Toshkentda Sulton Haysam Ol Said ishtirokida ochilgan Sharqshunoslik institutining muhtasham kutubxonasi davlatlarimiz o‘rtasida o‘ziga xos do‘stlik ramzi bo‘lib kelmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Ikki mamlakat hamkorligida hali ishga solinmagan juda katta salohiyat bor. Tez orada Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishini o‘tkazish, Ishbilarmonlar kengashini tuzish zarurligi qayd etildi.

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, telekommunikatsiya, to‘qimachilik sanoati, turizm kabi sohalar hamkorlik uchun istiqbollidir. O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi imkoniyatlaridan unumli foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Jazoyir arab-musulmon dunyosida jadal sur’atda taraqqiy etayotgani, katta iqtisodiy salohiyatga ega mamlakat, Afrika qit’asidagi istiqbolli sherigimiz ekanini ta’kidladi. Jazoyir arab davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarni tashkil etish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmini joriy etish, Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish zarurligi, bu ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at bag‘ishlashi ta’kidlandi.

Neft-gaz, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida aniq investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirish zarurligi qayd etildi.

Marosim yakunida Prezidentimiz elchilarga sharafli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilab, mamlakatimiz hududlariga borish, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishga chaqirdi. Bu, hech shubhasiz, hamkorlik mustahkamlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Diplomatlar samimiy qabul, samarali faoliyatiga yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor sa’y-harakatlarini qaratishlarini ta’kidladilar.