Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi davom etmoqda. Davlatimiz rahbari forumning yalpi majlisida nutq so‘zladi.

Mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish uchun qat’iy qadamlar tashlangani qayd etildi. Har bir sarmoyador o‘zini erkin va ishonchli his qilishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz qariyb ikki barobar o‘sdi. O‘tgan yil yakuni bo‘yicha bu o‘sish 6 foizni tashkil qildi. Inflyatsiya 9 foizgacha pasaydi. Savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari muttasil oshmoqda. Valyuta bozori va oltin-valyuta zaxiralari barqarorligi saqlab qolinmoqda.

Oxirgi yillarda mamlakatimizda 60 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Xalqaro moliya institutlarining 14 milliard dollardan ortiq mablag‘lari ijtimoiy va infratuzilma sohalariga jalb qilindi.

 

O‘zA