Qatarda davom etayotgan U23 yosh toifasidagi Osiyo kubogining 1/2 final bosqichi yakunlandi. Yarim finalning ikkinchi o‘yinida Yaponiya olimpiya terma jamoasi Iroqni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Shu tariqa, Yaponiya terma jamoasi ham final yo‘llanmasi bilan birga «Parij-2024» Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va so‘nggi hal qiluvchi final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi bilan o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi.

Ushbu uchrashuv 3-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi. Shuningdek, 2-may kuni Iroq va Indoneziya terma jamoalari Olimpiadaga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish va Osiyo kubogining bronza medali uchun raqobatlashadi. Bu uchrashuv esa soat 20:30 da boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Temur Kapadze shogirdlari Indoneziyani 2:0 hisobida yengib, mamlakatimiz tarixida yangi sahifa ochdi. Vakillarimiz musobaqa finali hamda «Parij-2024» Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA