Pekin Yaponiyaning mikrochip sohasida eksport nazorati bo‘yicha rejasidan jiddiy xavotirga tushmoqda, deyiladi Xitoy savdo vazirligi tarqatgan bayonotda.

“Biz Yaponiya hukumatining yarim o‘tkazgichlar va u bilan bog‘liq boshqa tovarlar eksporti ustidan nazorat o‘rnatish rejasidan xabardormiz, Xitoy bundan jiddiy xavotirda ekanini  bildiradi”, – deyiladi vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotda.

Vazirlikning ta’kidlashicha, Yaponiya taklif qilayotgan ushbu choralar Xitoy va Yaponiya kompaniyalari o‘rtasida savdo aylanmasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu ikki tomonga ham zarar keltiradi, shuningdek, yetkazib berish bo‘yicha global zanjirning barqarorligiga ziyon yetkazadi.

Yarim o‘tkazgichlar tarmog‘i yuqori globallashtirilgan soha hisoblanadi, shu bois XXR Yaponiyani ushbu noto‘g‘ri amaliyotni to‘g‘rilashga, global sanoat va yetkazib berish zanjiri barqarorligini birgalikda qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Mart oyida “Bloomberg” axborot agentligi AQSH hukumati  Xitoyning yarimo‘tkazgichlar texnologiyasini o‘zlashtirishini cheklash borasida Niderlandiya, Germaniya, Janubiy Koreya va Yaponiyaga bosim o‘tkazayotgani haqida yozgan edi.