Xorazm viloyatining Urganch shahrida milliy qadriyatimizning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan kurash sporti bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati musobaqalari o‘tkazilmoqda.
Chempionatning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan O‘zbekiston kurash federatsiyasi, Xorazm viloyat prokuraturasi, viloyat sport boshqarmasi mutasaddilari davlatimizning e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi natijasida milliy o‘yinlar darajasidan xalqaro sport turi maqomiga ko‘tarilgan kurashning dunyodagi rivojida yurtimizda tashkil etilayotgan musobaqalarning saviyasi yuqori bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.
Urganch kurash gilamlarida kechayotgan shiddatli bellashuvlarning birinchi kungi musobaqalarida o‘z vazn toifalarida qashqadaryolik Javohir Choriyev, jizzaxlik Komil Shodmonov, buxorolik Behro‘z Tilovov kabi sportchilar o‘g‘il bolalar orasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, kurashchi qizlar o‘rtasidagi bahslarda Zuhra Halimboyeva, Gulasal Uraimova, Sabina Rasulova, Elnoza Temirova oltin medallarga musharraf bo‘lishdi.
Mamlakatimizning barcha viloyat va hududlaridan 800 nafarga yaqin sportchi yosh ishtirok etayotgan O‘zbekiston chempionatining ilk kungi bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arishda Qashqadaryo, Buxoro, Namangan, Jizzax, Samarqand viloyatlari jamoalari yetakchilik qilmoqda.
19-aprel kuni mamlakat birinchiligi davomida o‘g‘il bolalar 60, 65, 71, 77 kilogrammda, qizlar esa 48, 52, 57 kilogramm og‘irlikda g‘oliblik uchun kechadigan bellashuvlarda qatnashadi.
O‘zbekiston chempionati jarayonida O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Qodirov yetakchiligidagi mutaxassislar davlatimiz rahbarining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Xorazm viloyati, Yangibozor tumani, Do‘stlik mahallasida qurib bitkazilgan kurash mahorat maktabida bo‘lib, yaratilgan shart-sharitlar bilan tanishishdi.
Mutaxassislar yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish, xususan, milliy sport turlarimizning rivoji borasida qilinayotgan ishlar, bunyod etilayotgan ko‘rkam majmualar va bunday qulayliklar chekka-chekka mahallalarda ham amalga oshirilayotganligi o‘zbek sportining kelajak yutuqlariga xizmat qilishini e’tirof etishdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA muxbiri