Bugun, 19-aprel kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari uchun Osiyo qit’asi vakillariga yo‘llanmalar taqdim etadigan nufuzli musobaqa o‘tkazilmoqda.

Olimpiya o‘yinlari yo‘lidagi eng muhim musobaqaning ilk kungi bahslarida erkin kurashchilar 5 ta vazn toifasidagi bellashuvlarda gilamga chiqadi.

Mamlakatimiz erkin kurashchilaridan G‘ulomjon Abdullayev (-57 kg.) va “Tokio-2020” Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov (-74 kg.) kun davomidagi saralash musobaqalarini muvaffaqiyatli o‘tkazdi va 1/2 final yo‘llanmasi sohiblari bo‘ldi.

Har ikki sportchimizning yarim finalda muvaffaqiyatga erishishi “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqishini ta’minlaydi.

Osiyo qit’asining 30 ga yaqin davlatidan mahoratli sportchilar qatnashayotgan mazkur turnirda terma jamoamiz a’zolaridan Hasanboy Rahimov 125 kilogramm og‘irlikda suriyalik Omar Saremni yenggan bo‘lsa, Umidjon Jalolov (-65 kg.) hindistonlik Sujit Kalkalga, tajribali kurashchimiz Magomed Ibragimov (-97 kg.) esa mo‘g‘ulistonlik Ganbatarin Ganxuyagga qarshi gilamga chiqadi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqa nizomiga muvofiq, bugun erkin kurashchilar, ertaga ayollar kurashi vakillari, 21-aprel kuni yunon-rum kurashi ustalari Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun kechadigan bellashuvlarda ishtirok etadi.

 

T.Ro‘ziyev, O‘zA