O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 18-aprel kuni davlat tashrifi bilan Dushanbe shahriga keldi.

O‘zbekiston va Tojikiston xalqlari nafaqat qo‘shni, balki asrlar davomida  qondosh-u qardosh bo‘lib, bir buloqdan suv ichib, bir havodan nafas olib, yagona osmon ostida bunyodkorlik ishlari bilan shug‘ullanib kelgan, yaxshi-yu yomon kunlarda yelkama-yelka turib, qiyinchiliklarni yengib o‘tgan. Yagona din, o‘xshash madaniyat, urf-odat va an’analar bir-biriga mustahkam bog‘lab turadi.

Prezidentlarning siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab yuritayotgan oqilona siyosati tufayli keyingi yillarda mamlakatlarimizning ko‘p qirrali hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi, xalqlarimiz do‘stligi yanada mustahkamlandi.

Poytaxt aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi va ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi. O‘zbekiston Prezidentini kutib olishda Tojikiston yoshlari va ijodiy jamoalari vakillari ham qatnashdi.

So‘ng Prezidentimiz “Do‘stiy” maydoniga tashrif buyurib, Ismoil Somoniy haykali poyiga gul qo‘ydi.

Dushanbedagi “Qasri Millat” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘ldi.

Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini bir-biriga tanishtirdilar.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Yetakchilar Markaziy Osiyoning manfaatlarini ilgari surish va uning barqaror taraqqiyotini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida mintaqaviy tuzilmalar va xalqaro tashkilotlar doirasida konstruktiv hamkorlikni bundan buyon ham davom ettirishga intilishlarini tasdiqladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarida sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tish ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, ittifoqchilik munosabatlarining salohiyatini ro‘yobga chiqarish barcha darajalardagi muloqotlar natijadorligini oshirishni taqozo etishi qayd etildi.

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda tovar ayirboshlash hajmi 40 barobar o‘sdi. Qo‘shma korxonalar soni 15 barobar ko‘paydi.

Hukumatlar oldiga tovar ayirboshlashni 2 milliard dollarga yetkazish, shu jumladan, o‘zaro mahsulot yetkazib berish nomenklaturasini kengaytirish, chegaraoldi savdo zonalarini tezkor ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Tashrif arafasida O‘zbekiston – Tojikiston biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, uning yakunida yangi kooperatsiya loyihalari va savdo shartnomalarining katta portfeli shakllantirildi.

Mashinasozlik, elektrotexnika, energetika, konchilik, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlaridagi o‘zaro manfaatli loyihalar shular jumlasidan.

Tomonlar kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalarni ham belgilab oldilar. Shu maqsadda qo‘shma Investitsiya kompaniyasining salohiyatidan foydalaniladi.

Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi. Kinotomoshalar, konsertlar, spektakllar, ko‘rgazmalar va yoshlar forumlari muntazam o‘tkazilishi ta’kidlandi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, hamyonbop turizm dasturlarini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘ziga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada chuqurlashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

– Keyingi yillarda oliy darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlash ruhidagi faol muloqot natijasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar misli ko‘rilmagan yuqori darajaga ko‘tarildi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan birga, keng ko‘lamli hamkorlikni  yanada rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat va katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

– Bugun imzolanayotgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi tarixiy shartnomani amalga oshirish uchun barcha darajalarda – parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy idoralar, vazirlik va hududlar o‘rtasidagi muloqotlar samaradorligini oshirish lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezidentlar chuqur sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish uchun energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda muhim loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha qat’iy kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.

Suvdan foydalanish masalalarida konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz hududlararo hamkorlik uchun katta salohiyatdan samarali foydalanish, tashrif doirasida erishilgan bitim va kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish muhimligini qayd etdi.

Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Prezidentlar bu borada o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish hamda havo va temir yo‘llari orqali tashishlarni rivojlantirish, tranzit yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratishni qo‘llab-quvvatladilar.

Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga ahdlashib oldilar.

Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqin aloqalarni davom ettirish, Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilish davomida Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, transport, energetika va qishloq xo‘jaligi vazirlarining kun tartibi yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash hamda erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga topshiriq berdilar.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Umuman, tashrif davomida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlarini qamrab oluvchi 28 ta hujjat, jumladan:

– Sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlari, xalqaro avtomobil va aviatsiya qatnovlari to‘g‘risidagi bitimlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnomalar;

– Veterinariya va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;

– madaniyat va turizm sohasidagi hamkorlik, agrosanoat majmuidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xarita”lari;

– Andijon, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va So‘g‘d viloyati, Qashqadaryo viloyati va Xatlon viloyati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar va 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan “yo‘l xarita”lari hamda boshqa hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon mushtarak tarixiy meros, ma’naviy qadriyat va an’analarimizni asrab-avaylash va targ‘ib qilish bo‘yicha samarali faoliyati, shuningdek, birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun ikki mamlakat madaniyat va san’at arboblarining bir guruhiga faxriy unvonlar berdilar.

Mamlakatimiz yetakchisining davlat tashrifi doirasida ushbu unvonlar bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston milliy konservatoriyasi rektori Mirali Do‘stizoda, Tojikiston milliy konservatoriyasi dotsenti Ismoil Nazriyev, Tojikiston Hukumati huzuridagi Televideniye va radio qo‘mitasining F.Shaxobov nomidagi “Shoshmaqom” ansambli rahbari Furqat Sayidzoda, Bobojon G‘afurov tumani shoshmaqom ansambli rahbari To‘lqin Tojiboyev, A.Jo‘rayev nomidagi Tojikiston davlat filarmoniyasi “Falak” ansambli badiiy rahbari Rahmatullo Hoshimov “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekiston milliy musiqa san’ati instituti «Maqom xonandaligi» kafedrasi professori Munojatxon Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og‘abek Sobirov va xonanda Yulduz Usmonovaga “Tojikiston xalq hofizi” faxriy unvoni, O‘zbekiston milliy akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyevga “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoni berildi.

Davlat rahbarlari faxriy unvonlar nishonlarini o‘z sohiblariga tantanali ravishda topshirdilar.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot bilan chiqdilar.

O‘zbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti va xalqiga har doimgidek iliq va samimiy qabul uchun dildan minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar do‘stlik va ishonch muhitida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlarini yuksak baholadilar.

– Yana bir bor ta’kidlayman, Tojikiston O‘zbekiston uchun eng yaqin, ishonchli, asrlar bilan sinalgan strategik sherikdir. Birodar o‘zbek va tojik xalqlari ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari bilan chambarchas bog‘langan. Bizni umumiy tarix, madaniy va ma’naviy qadriyatlar, an’ana va urf-odatlar birlashtirib turadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga to‘liq mos bo‘lgan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ushbu tashrifning chinakam tarixiy natijasi bo‘lgani qayd etildi:

– Bu qadam bilan O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali strategik sheriklik va ittifoqchilikni chuqurlashtirish bo‘yicha ortga qaytmas yo‘ldan yurishga qat’iy intilishimizni tasdiqladik. Ushbu muhim hujjat, hech mubolag‘asiz, ikki tomonlama munosabatlarda yangi tarixiy davrni anglatadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi etib belgilandi.

Keyingi yillarda bir necha o‘n karra ko‘paygan tovar ayirboshlash barqaror o‘sib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ikki mamlakat hukumatlari oldiga tovar ayirboshlashni, shu jumladan, uchinchi mamlakatlardan importning o‘rnini faol to‘ldirish orqali 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Kuni kecha o‘tgan biznes-forumida salmoqli shartnomalar va bitimlar to‘plami imzolangani ushbu maqsadga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Oybek – Fotexobod” chegaraoldi erkin savdo zonasi va “Andarxon” savdo-logistika markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar chog‘ida sanoat kooperatsiyasida, eng avvalo, ikki mamlakat bir-birini to‘ldirib turgan an’anaviy tarmoqlarda yangi o‘sish nuqtalari belgilab olindi.

Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, metallurgiya, qazib chiqarish, to‘qimachilik, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalar shular jumlasidan.

Bunday muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston –Tojikiston investitsiya kompaniyasining salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.

Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi – ikki mamlakat transport-tranzit salohiyatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish.

Yo‘lovchi va yuklar tashish hajmini oshirish, zamonaviy chegaraoldi va bojxona infratuzilmasini yaratish bo‘yicha qo‘shma choralar ko‘riladi.

Hududlararo hamkorlik salohiyatini faol ishga solish zarurligi qayd etildi.

Ko‘rgazmalar, teatrlarning ijodiy safarlari, yoshlar va ta’lim forumlarini muntazam o‘tkazish, sport dasturlarini amalga oshirish, turizm xizmatlarini kengaytirish orqali madaniy-gumanitar almashinuvni chuqurlashtirish masalalari muzokaralardan muhim o‘rin egalladi.

Tomonlar ushbu tarixiy tashrif, uning samarali natijalari va imzolangan muhim hujjatlar ikki mamlakatning jadal taraqqiyotiga xizmat qilishi, birodar O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarining umumiy farovonligini ta’minlashiga ishonch bildirdilar.

Dushanbe shahridagi “Ko‘hi Borbad” san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida “Do‘stlik oqshomi” bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon konsertni birgalikda tomosha qildilar.

Ikki mamlakat san’at ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlikni ifodalovchi yaxshi an’anaga aylangan. Zero, mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Bugun ushbu orzu-intilishlar hayotga ko‘chmoqda, mamlakatlarimiz yetakchilarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi.

Bu jihatlar bugungi konsert dasturida yana bir bor tasdiqlandi. Iste’dodli san’atkorlar ijro etgan kuy-qo‘shiqlarda xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga xosligi va shu bilan birga mushtarakligi o‘z ifodasini topdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.

O‘zA