Poytaxtimizdagi “Humo Arena” majmuasida professional boks bo‘yicha IBA «Chempionlar oqshomi» o‘tkazildi. Mazkur kechada 8 ta jang o‘tkazildi va ushbu bahslarning markaziy jangi IBA kamari uchun Hasanboy Do‘smatov va Samuel Karmona (Ispaniya) o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kecha O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Xalqaro boks assotsiatsiyasi, mamlakatimiz boks federatsiyasi va bir qator tashkilotchilar tomonidan tashkil etildi.
IBA «Chempionlar oqshomi»ning markaziy jangiga qadar o‘tkazilgan 6 raundlik bellashuvlarda A’loxon Abdullayev -75 kg. vazn toifasida Jargal Otgonjargalni (Mo‘g‘uliston) 5 raundda nokautga uchratgan holda yengdi. Super yarim o‘rta vazn toifasida esa Iqboljon Xoldorov qozog‘istonlik Raxmanqo‘l Sagadatni, -63.5 kg. vaznda Mujibillo Tursunov tanzaniyalik Juma Chokini, vazni -60 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida Elnur Abduraimov meksikalik Karlos Ornelasni, og‘ir vazn toifasida Jahongir Zokirov xorvatiyalik Smakiki Agrongani yengdi. Shuningdek, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 8 raund etib belgilangan bahsda turkiyalik Fatix Keles ustidan zafar quchdi. Tashkilotchilar tomonidan 10 raund davom etishi belgilangan bahsda Artyom Suslenkov (Rossiya) hamda Maylk Xanterni (AQSH) taslim etdi.
IBA kamari uchun o‘tkazilgan Hasanboy Do‘smatov va Samuel Karmona (Ispaniya) o‘rtasidagi jang 10 raund davom etdi. Hasanboyning texnikasi va uning tezkor hamda aniq zarbalari raqibiga qiyinchilik tug‘dirdi. Natijada bokschimiz zafar quchdi. Bu g‘alaba Hasanboy Do‘smatovga IBA chempionlik kamarini taqdim etdi hamda professional boksdagi 7 g‘alabasini ta’minladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA