Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasining Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmasi bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyotning oldini olish tadbirlari doirasida bojxona rasmiylashtiruviga taqdim etilmagan tovarlarning noqonuniy tarzda mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldi olindi.

Mazkur post orqali qo‘shni Qozog‘iston Recpublikasidan yurtimizga kirib kelgan “MAN” rusumli yuk avtotransport vositasi “Xavfni boshqarish” tizimi tomonidan “qizil” yo‘lakga yo‘naltirilganligi sababli, Nukus shahridagi bojxona omborlaridan birida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida yo‘l yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan qiymati 588 million so‘mga teng bo‘lgan 168 ming juft  “Rezina qoplamali trikotaj qo‘lqop” tovarlarini bojxona rasmiylashtiruviga taqdim qilmasdan, mamlakatimiz hududiga olib kirish holati aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri