Buyuk Britaniyaning Birmingem shahrida Xalqaro yozgi olimpiya sport turlari federatsiyalari assotsiatsiyasi (ASOIF)ning 48-Bosh assambleyasi doirasidagi SportAccord-2024 ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan global sport tadbirlarida milliy sportimiz kurash taqdimotining o‘tkazilgani o‘ziga xos voqea bo‘ldi.
ASOIFning 48-Bosh assambleyasi yig‘ilishida Xalqaro ot sporti federatsiyasining amaldagi rahbari, belgiyalik Ingmar De Vosni bir ovozdan to‘rt yillik muddatga Xalqaro yozgi olimpiya sport turlari federatsiyalari assotsiatsiyasi prezidenti etib saylandi.
ASOIFning qo‘mitalari yig‘ilishlarida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbari Haydar Farmon, O‘zbekiston kurash federatsiyasi raisining maslahatchisi Sardor Karimov yetakchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirok etib, milliy sportimizning dunyodagi rivoji, uni Xalqaro yozgi olimpiya sport turlari federatsiyalari assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilish masalasida ASOIF ijroiya qo‘mitasi, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi mutaxassislari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Manfaatli muloqotlar davomida bir qator kelishuvlarga erishildi.
SportAccord-2024 ko‘rgazmasida milliy sportimiz uchun ajratilgan alohida pavilonga jahon sport tashkilotlarining yetakchi mulozimlari, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zolari tashrif buyurib, kurashning qadimiylikdan zamonaviylik darajasiga ko‘tarilish jihatlari, texnik-taktik tamoyillari, dunyoning turli davlatlarida tashkil etilayotgan kurash musobaqalari geografiyasi, O‘zbekiston bayrog‘idan jilo olgan kurash yaktaklarining yaratilish tarixi bilan yaqindan tanishdi.
O‘tkazilgan Bosh assambleya yig‘ilishi davomida jahon sport maydonida rivojlanayotgan sport turlarining bugungi holati muhokama qilinib, Xalqaro boks assotsiatsiyasi ASOIF a’zoligidan chiqarilgani, 2028-yili Amerika Qo‘shma Shtatlarining Los-Anjeles shahrida o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritilgan sport turlarining bosh tashkilotlari bo‘lgan Xalqaro kriket kengashi (ICC), Xalqaro amerika futbol federatsiyasi (IFAF), Butunjahon lakross va skvosh federatsiyalari 2025-yil 1-yanvardan ASOIF a’zoligiga qabul qilingani tasdiqlandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan «Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida keltirib o‘tilganidek, o‘zbek sporti brendi nomi bilan jahon arenasida tobora tanilib kelayotgan milliy sportimizni xorijiy davlatlarda yanada ommalashtirish, uni jahon xalqlarining eng ommabop sport turlaridan biriga aylantirish yo‘lida SportAccord-2024 da tashlangan muhim qadam yangi yutuqlarga zamin yaratsa, ajabmas.
Kurashning jahon sportining barcha jabhalarini xususan, biznes, axborot, huquq, sog‘liqni saqlash, sayohat va boshqa tizimlarini birlashtiruvchi SportAccord-2024 ko‘rgazmasidan joy olishi uning xalqaro maydondagi rivojlanish tizimida yangi davr boshlanayotganidan darak berayotgandek, nazarimizda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA