Tayvanda sodir bo‘lgan kuchli zilziladan so‘ng qutqaruvchilar vayrona ostida qolgan, daragi chiqmayotganlarni qidirishda davom etyapti.
Hukumat qutqaruv xizmati karerda qolib ketgan olti nafar konchini qutqarishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qilgan. Milliy yong‘in agentligi ma’lumot berishicha, ayni payt jarohatlanganlar 1050 nafar. 150 ga yaqin odam qamalib qolgan yoki boshqa sabab tufayli aloqaga chiqa olmayapti.
Ichki ishlar vaziri Lin Yu Chang aytishicha, taqdiri noma’lum 52 kishi ayni dam oziq-ovqat va suvga muhtoj bo‘lishi mumkin. Afsuski, ularning qanchasi tirikligi ham aniq emas. Rasmiylar ta’kidlashicha, ko‘chki ostida qolgan, hozircha bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanayotganlarni qidirish, asosan, Xualyan hududida olib borilyapti. Shuningdek, orol sharqidagi Taroko milliy bog‘i mehmonxonasining 40 nafar xodimi bilan aloqa qilish imkoni ham bo‘lmayapti.